Bu yilgi test sinovlari jarayonini abituriyentlarning ota-onalari onlayn tarzda kuzatishi uchun imtihonlar o‘tkaziladigan joylar zarur asbob-uskunalar bilan jihozlanadi, deb xabar qildi DTM matbuot-xizmati.
2018 yil 3 aprel kuni Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida"gi 261-son qarori chiqdi.
Mazkur qaror bilan O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish uchun kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom, bakalavriatga test sinovlarisiz, kasbiy (ijodiy) imtihonlar orqali o‘qishga qabul qilish bo‘yicha ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati tasdiqlandi.
Xususan, qarorga ko‘ra, Davlat test markazi tomonidan berilgan ruxsatnoma asosida unda belgilangan kun test sinovlari o‘tkaziladigan bino shtabida test sinovi jarayonini kuzatuvchi sifatida ishtirok etadi.
Test sinovlari kunduzgi, maxsus sirtqi va kechki (smenali) ta’lim uchun har yili 1 avgustdan 15 avgustgacha bo‘lgan muddatda, kuniga ikki smenada o‘tkaziladi. Birinchi smena soat 08:00 da, ikkinchi smena soat 15:00 da boshlanadi. Yangi tartibga ko‘ra abituriyentning test sinoviga kelish sanasi va vaqti uning ruxsatnomasida ko‘rsatiladigan bo‘ldi. Abituriyent uchun mazkur sana va vaqt qat’iy hisoblanib, boshqa sana va vaqtda test sinovlarida ishtirok etish uchun ruxsat berilmaydi.
Abituriyentlar tanlangan ta’lim yo‘nalishiga qarab tegishli ravishda bir, ikki yoki uchta fan majmuasi bo‘yicha test sinovini topshiradi.
Binolarni tayyorlash, videokuzatuvlar orqali jamoatchilik, shu jumladan abiturientlar ota-onalarining kirish test sinovlari jarayonini onlayn tarzda kuzatib borishlari, abituriyentlarni shaxsni identifikatsiyalash vositalari hamda videofiksatsiya qurilmalari orqali binoning tegishli hududiga kiritish, o‘tkazilgan test sinovlari jarayoni bo‘yicha barcha video yozuvlar saqlanishi uchun sharoitlar yaratish Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari hamda O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan ta’minlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi jarayon bo‘yicha videoyozuvlarni saqlaydi va ularni test sinovlari o‘tkazilgan kunning ertasiga Davlat test markaziga topshiradi.
Binoda test sinovi jarayonini to‘liq nazorat qilish uchun 30 nafar abituriyentga bitta statsionar video kuzatuv tizimi o‘rnatiladi, jarayonni abituriyentlarning ota-onalari onlayn tarzda kuzatishi uchun zarur asbob-uskunalar bilan jihozlanadi, binoda bir nafar abiturientga 2 m2 dan kam bo‘lmagan joy tayyorlanadi.
Abituriyentlarga ruxsatnomalar oliy ta’lim muassasalari qabul komissiyalari tomonidan 29-31 iyul kunlari test sinovlari o‘tkaziladigan binolarning chizma nusxasi va “Abituriyentlarga eslatma"ni ilova qilgan holda qaydnoma asosida tarqatiladi.
Binoga kirishning Nazorat o‘tkazish joyida xizmat olib borayotgan xodimlar tomonidan tekshiruv vaqtida abituriyentda taqiqlangan buyum yoki boshqa vosita mavjudligi aniqlangan taqdirda shu joyga biriktirilgan Davlat test markazining vakili xabardor qilinadi va abituriyent binoga kiritilmaydi.
Yana bitta muhim holat — test sinovi topshirish jarayonida videokuzatuv orqali abituriyentning tartib va qoidalarga amal qilayotgani yoki qilmayotganligi kuzatib boriladi. Mabodo tartibbuzarlik holati aniqlansa, abituriyent jarayondan chetlatiladi;
Apellyatsiya haqida: test sinovlari natijasidan norozi bo‘lgan abituriyent 20 avgustdan 30 avgustgacha, belgilangan ish vaqtiga muvofiq, dam olish kunlarisiz o‘n bir kalendar kuni davomida yozma va elektron shaklda apellyatsiya shikoyatini berish huquqiga ega.
Apellyatsiya shikoyati Davlat test markazida hamda uning hududiy bo‘limlarida qabul qilinadi.
Manba: sof.uz