Bugun «O‘zbekiston» telekanalining «Munosabat» tok-shousining bugungi soni oliy ta’lim muassasalariga bo‘ladigan test sinovlariga bag‘ishlandi.
Ko‘rsatuvda ekspert sifatida qatnashgan bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev o‘z xulosalari bilan «Telegram»dagi kanalida o‘rtoqlashdi.«Hozirgina to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilgan «Munosabat» tok-shousi yakunlandi. Mavzu test sinovlari haqida edi. Unda kamina ham ekspert sifatida ishtirok etdi. Ko‘rsatuvdan quyidagilar anglashildi:
— bu yil barcha fanga 2.1 balldan berilishi haqidagi gaplar - shunchaki mish-mish, haqiqat emas. Avvalgidek, 1.1, 2.1 va 3.1 balldan beriladi;
— test sinovlarining 1-kuni ishlatilgan savollar keyingi kunlarda tushmaydi;
— 15 kun davomida SMS xabarlar va telefon aloqasi o‘chirilib qo‘yilmaydi, balki respublika bo‘ylab test o‘tuvchi 57 ta katta pavilonlarga aloqani uzuvchi moslamalar o‘rnatilishi rejalashtirilmoqda ekan;
— barcha hududlardagi test savollari kitobi Toshkentga maxsus feld’yegerlik xizmatlari orqali samolyotlarda olib kelinadi va Toshkentda tekshiriladi;
— test javoblari ertasi kuni DTM saytida e’lon qilinadi, avvalgidek test o‘tkazilgan binoga javob varaqalari ilinmaydi. Chunki ertasi kuni u yerda boshqa testlar o‘tayotgan bo‘ladi;
— bu yildan boshlab butun respublikada testga shpargalka, telefon va h.k. olib kirishga uringan abituriyent o‘sha zahoti testdan chetlatiladi. Avvalgidek, kechirimli bo‘lib, telefonini olib qolib, uni nomerlangan konvertga solib, abituriyentni o‘zini testga kiritib yuborish bo‘lmaydi. Olib kirishga urinishning o‘ziyoq akt tuzib, chetlatishga sabab bo‘ladi.
— test sinovlari kunduzgi, maxsus sirtqi va kechki (smenali) ta’lim shakli uchun har yili 1 avgustdan 15 avgustgacha bo‘lgan muddatda, qoida tariqasida, kuniga ikki smenada o‘tkaziladi. Birinchi smena soat 08:00 da, ikkinchi smena soat 15:00 da boshlanadi;
— test topshiriqlarini bajarish uchun 30 ta test topshirig‘iga 1 soat, 60 ta test topshirig‘iga 2 soat, 90 ta test topshirig‘iga 3 soat vaqt belgilanadi. Bunda e’tibor berish kerakki, bu vaqt javoblar varaqasini to‘ldirish bilan birga berilmoqda. Avvallari savollarni ishlash uchun alohida vaqt, keyin javoblar varaqasini to‘ldirish uchun alohida vaqt berilardi. Hozir mana shu 1 soatga belgilash ham kirib ketadi, shu sababli, abituriyentlar buni e’tiborga olib qo‘yishlari kerak;
— aytishlaricha, test o‘tadigan pavilonlardagi kameralar 31 iyul kuni yoqib qo‘yiladi va 16 avgust kuni o‘chiriladi;
— test sinovlari jarayonlari internet orqali translyasiya bo‘ladi va imkoni bo‘lsa respublika hamda mahalliy telekanallar orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etish ham rejalashtirilmoqda.