So‘rovnoma: Maktab bitiruvchilarining 11 foizi chet elga ishlashga ketishni rejalashtirgan


Har besh nafar bitiruvchidan biri pedagogika sohasini tanlamoqchi, ularning ma’lum qismi chetga ishlashga ketishni, yana ma’lum foizi esa maktabni bitirib oila qurishni rejalashtirgan.

Abdulla Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti maktab bitiruvchilari o‘rtasida kasb tanlash bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazilganini ma’lum qildi. 390 mingdan oshiq bitiruvchining 17,1 mingi so‘rovnomada qatnashgan.

So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, 67 foiz respondent kelajakda kim bo‘lmoqchiligini aniq tanlaganini, 11 foizi esa xorijga ishlash uchun ketmoqchiligini bildirgan. 6 foiz respondent esa oila qurishni rejalashtirgan.


“So‘rovnomaning keyingi savoli bitiruvchilarning taqdiri bilan bevosita bog‘liq, ya’ni xorijda mehnat qilishga ketishni rejalashtirayotgan bitiruvchilarning nima sababdan ketmoqchiligi so‘ralganda, ularning 37 foizi o‘qishga qiziqishi borligi, ammo moddiy imkoniyati yo‘qligi sababli ketmoqchiligini aytishgan", deyiladi so‘rovnoma tahlilida.


Shuningdek, kasb tanlagan bitiruvchilarning 20,9 foizi pedagogikani, 9,1 foizi huquqshunoslikni, 5,1 foizi esa AKTni tanlaganini bildirgan.

Institut xabariga ko‘ra, bugungi kunda umumiy o‘rta ta’lim maktab bitiruvchilari soni 390 mingga yaqinni va 1-sinf o‘quvchilari esa 585 000 nafarni tashkil etadi. Bu esa o‘z navbatida 10 yildan so‘ng bitiruvchilar soni 1,5 barobarga ortishini bildiradi.

Olib borilgan tadqiqotdan ma’lum bo‘ldiki, mamlakatimizda 100 dan ortiq kasb mavjud bo‘lsa-da, bitiruvchilar bor-yo‘g‘i 20 ga yaqin kasb haqida tasavvurga ega ekan. Eng achinarlisi, 18 ta fan o‘qituvchilari bilan suhbatlashilganda, ularning o‘z sohasi bo‘yicha bitiruvchilarga beradigan tavsiyasi eng ko‘pi bilan 5-6 ta kasbni tashkil etmoqda.

Ma’lumot uchun: 2020-2021 o‘quv yilida umumta’lim maktablarining 437,3 ming nafar 11-sinf bitiruvchilaridan 109,3 ming (25 foiz) nafari OTMga kirgan bo‘lsa, OTM kirmagan bitiruvchilar soni 328,0 mingni (75 foiz) tashkil etadi.