Afg‘oniston talabalari O‘zbekistonda ta’lim olish uchun yuboriladi


Afg‘oniston hukumati delegatsiyasining 2020-yilning 20-noyabr kuni Toshkentga tashrifi chog‘ida Afg‘oniston Oliy ta’lim vazirligi va O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi o‘rtasida afg‘on talabalarini O‘zbekistonga ta’lim olish uchun yuborish to‘g‘risida o‘zaro anglashuv memorandumini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qilmoqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi.

Qayd etilishicha, imzolangan memorandumda har ikki mamlakat oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida hamkorlik qilish, jumladan, o‘quv materiallari bilan almashish, ta’lim tadbirlarida har ikki mamlakat mutaxassislarining o‘zaro ishtirokini ta’minlash, ilmiy-tadqiqot ishlarida o‘zaro hamkorlik qilish va ilmiy jurnallarda nashr va maqolalarni birgalikda tayyorlash shartlari hamda tartibi belgilandi.

Ta’lim sohasida hamkorlik qilish va ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida aloqalarni yana-da kengaytirish bo‘yicha kelishuvga O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining Afg‘onistonga 2020-yilning oktabr oyida amalga oshirilgan tashrifi chog‘ida erishildi.


Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzurida Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, Surxondaryo viloyati Termiz tumanida Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish markazi faoliyat yuritmoqda. 2018–2019-o‘quv yili davomida markazda 96 nafar talaba o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olib, barchasi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining bakalavri darajasiga ega bo‘ldi.

Hozirgi kunda markazda 172 nafar, jumladan, o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishi bo‘yicha 119 nafar, yer usti transport tizimlari va ularning ekspluatatsiyasi yo‘nalishi bo‘yicha 35 nafar, akusherlik, ginekologiya va hamshiralik ishi yo‘nalishi bo‘yicha 18 nafar talaba tahsil olmoqda.


Bundan tashqari, 2020-yilning dekabr oyida Afg‘onistondan 10 nafar talabaning Yevropa Ittifoqi ko‘magi va moliyalashtirishi asosida qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida tahsil olish uchun kelishi rejalashtirilgan.

Avvalroq OTB Afg‘onistonda O‘zbekiston tomonidan elektr uzatish liniyalarini qurishga 110 million dollar ajratgani haqida xabar berilgandi.