O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 2020 yilning 29 oktyabr kuni mamlakatdagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Polsha favqulodda va muxtor elchisi Pyotr Ivashkevichni qabul qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston—Polsha ko‘p qirrali aloqalarining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi.
So‘nggi yillarda sezilarli faollashuvga ega bo‘lgan savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish Polsha bilan aloqalarning asosiy yo‘nalishi ekanligi taʼkidlandi. Pandemiyaga qaramay, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Polshaga eksport qilish hisobiga 2020 yil yanvar–sentyabr oylarida savdo aylanmasi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8,8 foizga o‘sdi.
Suhbat davomida madaniy-gumanitar hamkorlikni faollashtirishga, xususan, taʼlim sohasidagi aloqalarni kengaytirishga qiziqish bildirdilar. Hozirda Andijonda Varshava menejment universitetining filialini ochish loyihasini amalga oshirish masalasi ustida ish ketayotgani taʼkidlandi.