Toshkentda O‘zbek–Turk universiteti ochiladi. Bu hali hammasi emas...


Toshkentda O‘zbek–Turk universiteti ochilishi kutilmoqda. Bu haqda 24-yanvar kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan «O‘zbekiston–Turkiya: ta’lim sohasidagi hamkorlik istiqboli» mavzusidagi xalqaro anjumanda ma’lum qilindi. Ushbu kelishuvga 2020 yil avgust oyida O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining Anqaraga tashrifi chog‘i erishilgan edi.

«O‘zbekiston oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda O‘zbek–Turk universitetini tashkil etishni rejalashtirmoqdamiz. Bu – ikki davlat rahbarlarining tashabbusidir. Turkiya va O‘zbekistonning oliy ta’lim bo‘yicha hamkorligida yangi ufqlar ochilmoqda», – deydi Turkiya oliy ta’lim kengashi raisi Erol O‘zvar.

E.O‘zvar Turkiya keyingi yillarda oliy ta’lim sohasida katta yutuqlarga erishayotganini ta’kidlab, qardosh o‘lkada 2500 nafar o‘zbekistonlik talaba tahsil ko‘rayotganini ma’lum qildi.

Mamlakatimiz oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov turkiyalik mehmonning fikrlarini qo‘llab-quvvatladi. Qayd etilishicha, O‘zbekistonda Rossiya, AQSh, Janubiy Koreya, Angliya kabi mamlakatlarning universitet hamda filiallari faoliyat yuritmoqda. Bu borada Turkiya oliy ta’lim muassasalari bilan ham yaqin hamkorlikka ehtiyoj kuchli. Vazir A.Toshqulov O‘zbek–Turk universitetini tashkil etish bilan bog‘liq ishlar qisqa muddatda hal etilishi va amaliy qadamlar tashlanishiga ishonch bildirdi.

O‘zA xabariga ko‘ra, tadbirda o‘zbekistonlik talabalarning Turkiya oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olishi uchun grant ajratish, ta’lim tashkilotlari o‘rtasida qishloq xo‘jaligi, texnika va muhandislik sohalari uchun kadrlar tayyorlash, matematika, fizika, kimyo, geologiya kabi yo‘nalishlarda hamkorlik ko‘lamini kengaytirish yuzasidan ham fikr almashildi.

Ikki davlat o‘rtasida oliy ta’lim bo‘yicha hamkorlik birgina universitetining tashkil etilishi bilan cheklanmayotir. O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov va Turkiya oliy ta’lim kengashi raisi Erol O‘zvar o‘rtasidagi muzokarada qayd etilishicha, tomonlar boshqa katta rejalarni ham ko‘zlamoqda. Jumladan, mamlakatimizda Turkiya yetakchi ta’lim muassasalarining muhandislik, san’at, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi va turizm kabi sohalarda yangi filiallarini tashkil qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda.

Avval xabar berganimizdek, 2019 yil oktyabr oyida Buxoro davlat tibbiyot instituti qoshida Turkiya tibbiyot fanlari universiteti (SBÜ) fakulteti va malakali tibbiy xizmatlar oliy maktabi ochilgan edi.

Tibbiyot fanlari universiteti nufuzli oliy o‘quv yurtlaridan biri sanaladi. Universitet 1903 yilda Usmoniylar sultoni Abdulhamid II farmoniga ko‘ra ochilgan tibbiyot bilim yurti bazasida tashkil etilgan. Bir asrdan ziyod tarixga ega nomdor universitet endilikda O‘zbekistonda ham malakali kadrlar tayyorlashda qatnashmoqda.