Rossiya O‘zbekistonda 8 ta OTM filialini ochishi kutilmoqda


Rossiyaning yana 8 ta oliy o‘quv yurti O‘zbekistonda o‘z filiallarini ochish niyatida. Bu haqda Moskva davlat universiteti rektori Viktor Sadovnichiy 16-noyabr kuni Moskva davlat universitetida ochilgan ikkinchi Rossiya—O‘zbekiston ta’lim forumida aytib o‘tdi.

Viktor Sadovnichiyning so‘zlariga ko‘ra, uchta filialning ochilishi imzolanishning yakuniy bosqichida va “yaqin kelajakda ular o‘zbekistonlik talabalar uchun o‘z eshiklarini ochadi". U ikki mamlakat hamkorligining sezilarli dinamikasini ham qayd etgan. Viktor Sadovnichiyning qayd etishicha, ayni paytda ilmiy-ta’lim sohasidagi hamkorlik bo‘yicha 63 ta “yo‘l xaritasi" amalga oshirilmoqda va 115 ta OTM o‘rtasida 240 dan ortiq shartnomalar imzolangan.


Forumda, shuningdek, kelgusi o‘quv yilida o‘zbekistonlik talabalar uchun Rossiya oliy o‘quv yurtlarida bepul ta’lim olish kvotalari 750 o‘ringa ko‘paytirilishi mumkinligi, bu 2018-yilga nisbatan 3 barobar ko‘p ekani ma’lum qilingan. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov so‘nggi 3 yilda Rossiya tomoni federal budjet hisobidan o‘zbekistonlik talabalarga Rossiya OTMlarida o‘qish uchun ajratiladigan yillik grant o‘rinlarini bosqichma-bosqich oshirib borayotganini ta’kidlagan.

“Biz buni Rossiya tomonining mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun malakali kadrlar tayyorlashga qo‘shgan salmoqli hissasi deb bilamiz", — deya qo‘shimcha qilgan Abduqodir Toshqulov.

Vazirlik matbuot xizmati xabariga ko‘ra, forum davomida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish borasida qator hujjatlar, xususan, birgalikda kadrlar tayyorlash, ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha yangi istiqbolli loyihalarni yo‘lga qo‘yishga oid idoralararo va oliy ta’lim muassasalararo bitim va memorandumlar imzolandi.

Bugungi kunga qadar O‘zbekistonda Rossiyaning 15 ta yetakchi universitetlarining filiallari tashkil etilgan bo‘lib, ulardan 12 tasi 2018—2021-yillarda ochilgan. Mazkur filiallarda mamlakatning 6 ming nafardan ortiq talabasi tahsil olmoqda.

Rossiya tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda Rossiya OTMlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar soni 43 ming nafarni tashkil etadi.