O‘zbekistonda oliy ta’lim olishga qiziqish bildirayotgan yoshlar soni yildan yilga kamayyapti. Bu yil oliy va professional ta’lim muassasalariga qabul uchun jami 894 ming abituriyent ro‘yxatdan o‘tdi. Bu o‘tgan yilgi abituriyentlar sonidan 14 foizga, ikki yil oldingi ko‘rsatkichdan esa 36 foizga kam. Taqqoslash uchun, bu borada rekord o‘rnatilgan 2020 yili 1,5 million yoshlar, ya’ni 2024 yilga qaraganda 66 foizga ko‘p abituriyent o‘qishga hujjat topshirgandi.
Bu raqamlarga qo‘shimcha tarzda, maktab bitiruvchilari va umuman 30 yoshgacha bo‘lgan aholi soni yildan yilga sezilarli oshib borayotganini inobatga olsak, O‘zbekistonda oliy ta’lim olishga qiziqish so‘nyapti deb bemalol deyish mumkin. ChatGPT sun’iy intellektining fikricha, rivojlanayotgan mamlakatlarda talaba bo‘lishga da’vogar yoshlar sonining kamayishi avvalo iqtisodiy omillarga bog‘liq bo‘ladi. Bu – oilalarning kontrakt to‘lashga qurbi yetmasligi, mehnat bozoriga ertaroq kirib kelish oliy ta’lim olishdan ko‘ra afzalroq bo‘lib qolishi, ta’lim sifati esa jozibali emasligi kabi omillar bo‘lishi mumkin.
Tadqiqotlarda iqtisodiy o‘sishning tezlashishi va oliy ta’limga bo‘lgan talabning ortishi o‘rtasida kuchli bog‘liqlik borligi aniqlangan. Aksincha holatda esa, iqtisodiy o‘sish sekinlashishi natijasida oliy ma’lumotli bo‘lishga qiziqish susayadi, bu esa mamlakatdagi inson kapitalining sifatini tushirib, iqtisodiy o‘sishni battar sekinlashtiruvchi omilga aylanishi mumkin.