11-sinf o‘quvchilari attestatni kutmasdan OTMlarga hujjat topshirishi mumkin


2026-yilda maktab, akademik litsey va kasb-hunar maktablarini tamomlayotgan o‘quvchilar attestat yoki diplom qo‘liga tegishini kutmasdan oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirishi mumkin.

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yil bitiruvchilarining ta’lim muassasasi, attestat va diplomga oid ma’lumotlari tegishli vazirliklarning axborot tizimlaridan avtomatik ravishda olinadi.

Shu sababli 11-sinf o‘quvchilari, akademik litsey va kasb-hunar maktablari bitiruvchilari hujjat topshirish jarayonida ushbu ma’lumotlarni alohida kiritishi talab etilmaydi.

Hozirda oliy va professional ta’lim muassasalariga qabul uchun ro‘yxatdan o‘tish jarayoni my.uzbmb.uz platformasi orqali davom etmoqda.

Joriy yil bitiruvchilari uchun tugatgan ta’lim muassasasi haqidagi ma’lumotlar hamda attestat yoki diplom ma’lumotlari tizimga integratsiya orqali avtomatik yuklanadi.

Bu esa abituriyentlarga hujjat topshirish jarayonini tezroq boshlash va vaqtni tejash imkonini beradi.

Abituriyentlarga attestat berilishini kutib vaqt yo‘qotmaslik, qabul uchun ro‘yxatdan o‘tishni hozirdanoq boshlash tavsiya etilmoqda.

Qabul uchun ro‘yxatdan o‘tish my.uzbmb.uz platformasi orqali amalga oshiriladi.