OTMlarga qabul: nega oxirgi kunlarni kutmaslik kerak?


2026/2027-o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat bosqichiga qabul jarayonlari davom etmoqda. Hozir abituriyentlar uchun eng muhim bosqichlardan biri — ro‘yxatdan o‘tish jarayoni ketmoqda.

Bu yilgi qabul “avval test, so‘ng tanlov” tamoyili asosida ikki bosqichda tashkil etiladi.

Birinchi bosqich 5-iyundan 25-iyungacha davom etadi. Ushbu bosqichda abituriyentlar platforma orqali ro‘yxatdan o‘tadi va faqat uchta ma’lumotni belgilaydi: test topshiriladigan fanlar majmuasi, ta’lim tili hamda test topshirish hududi.

Muhim jihati shundaki, bu bosqichda universitet va aniq ta’lim yo‘nalishlari tanlanmaydi. Hozir abituriyentlar faqat imtihonda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tmoqda.

Ikkinchi bosqich esa test sinovlari yakunlanib, natijalar to‘liq e’lon qilinganidan keyin boshlanadi. Shundan so‘ng abituriyentlarga 15 kunlik muddat beriladi.

Aynan shu muddat ichida abituriyent o‘z to‘plagan balidan kelib chiqib, oliy ta’lim muassasasi, ta’lim yo‘nalishi va ta’lim shaklini tanlaydi. Ta’lim shakli kunduzgi, sirtqi, kechki yoki masofaviy bo‘lishi mumkin.

Mutaxassislar abituriyentlarga ro‘yxatdan o‘tishni oxirgi kunlarga qoldirmaslikni tavsiya qilmoqda. Chunki har yili qabulning so‘nggi kunlarida minglab abituriyentlar bir vaqtning o‘zida tizimga kirishga urinadi.

Buning oqibatida platforma sekinlashishi, saytga kirishda uzilishlar bo‘lishi yoki to‘lov tizimlarida kechikishlar yuzaga kelishi mumkin.

Shuningdek, shoshilinch holatda fanlar majmuasi, ta’lim tili yoki test topshirish hududini tanlashda xatoga yo‘l qo‘yish ehtimoli ortadi. Bu esa keyingi bosqichlarda abituriyent uchun noqulaylik tug‘dirishi mumkin.

Shu sababli abituriyentlarga 25-iyunni kutmasdan, hujjatlarni hozirdanoq xotirjam va diqqat bilan rasmiylashtirish tavsiya etiladi.

Ro‘yxatdan o‘tish jarayonida kiritilgan ma’lumotlarni yakuniy tasdiqlashdan oldin yana bir bor tekshirib chiqish muhim.