«Xabar.uz» nashrida yaxshi bir maqola e’lon qilinibdi. Unda jizzaxlik abituriyent DTM ustidan sudga murojaat qilib, yutib chiqqani, lekin haligacha talaba bo‘la olmagani haqida so‘z yuritilgan.
Xullas, masalaga ko‘p to‘xtalmoqchi emasman, maqolani batafsil o‘qib chiqishni tavsiya qilaman.
Faqat ayrim xulosalarim bilan o‘rtoqlashmoqchiman:
1) Test savollarining sifati
Bu sud jarayonida DTMdagi ayrim savollarning sifati haliyam talab darajasida emasligi ko‘rinib qolgan. Javob variantlarining 2 tasi deyarli bir xil, qolgan 2 tasi osmon bilan yercha farq qilishi ham savolning sifatsizligini ko‘rsatadi.
Boz ustiga maqola muallifi to‘g‘ri e’tibor qaratgan, sud jarayonida biologiya fani mutaxassislarining o‘zi 2 qutbga ajratilgan. Bir tomon A to‘g‘ri javob degan, bir tomon S. Mutaxassislar-ki bahslashadigan bunday masalalar abituriyentlarga mutlaqo berilmasligi shart va zarur!
2) Ijtimoiy adolatning yo‘qligi
«Zakovat» intellektual turnirlarida bitta qoida bor. Mabodo apellyasiyada qaysidir jamoaning javob varianti to‘g‘ri deya qabul qilinsa, xuddi shu variantni yozgan, lekin shikoyat qilmagan boshqa jamoalarga ham ochko beriladi. Masalan, to‘g‘ri javob «choy» bo‘lgan deylik. Lekin bir jamoa apellyasiyaga keldi va o‘zlarining «suv» javobi ham to‘g‘riligini isbotlab berdi. Bunday vaziyatda «suv» deb javob bergan barcha jamoalarga ochko berilishi shart, garchi ular shikoyat qilib kelmagan bo‘lsa ham! Bu ijtimoiy adolat deyiladi.
Hozirgi vaziyatda sud orqali xato deya topilgan savol aslida qayta hisoblab chiqilishi kerak. Chunki xuddi shu savollar faqat sudlashgan abituriyentga tushmagan-ku! Qolganlar ham u kabi javob variantini belgilagan, lekin ularga ham DTM ekspertlari aybi bilan ball berilmagan. Demak, xuddi shu savol bazadan topilib, kimlarga tushgan bo‘lsa, ballari qayta hisoblanishi kerak. Mana bu ideal ijtimoiy adolat bo‘ladi.
Bu ularning haqi, apellyasiyaga yoki sudga bermaganligi ularni bu haqdan mahrum qilmasligi kerak.
3) Qonunchilikdagi bo‘shliqlarning ko‘pligi
Kirish imtihonlariga oid qonunchilikda bo‘shliqlar juda ko‘p. Amaliyotda shunday kazuslar bo‘ladiki, birorta hujjatda javobini topa olmaysiz. Masalan, hozirgi vaziyatda ham jizzaxlik abituriyent sudlashib chiqqunigacha o‘quv yili tugay deb qoldi. Endi nima bo‘ladi? U talaba bo‘ladimi? Qanday asosga ko‘ra? Davlat qabul komissiyasi bayonnoma chiqaradimi? Agar talaba bo‘lsa, uning qoldirgan darslari qanday qoplanadi? 1-semestr allaqachon yopilib bo‘ldi, u qanday o‘zlashtiradi? Xullas, savollar ko‘p, lekin Nizomlarda javobini ko‘rmaganman.
Meni bir narsa doim hayron qoldiradi.
Nima uchun ta’limga mas’ullar yillar davomida muammo bo‘lib kelgan masalalarni qonunchilikka kiritmagan? Nizomlarga tegishli o‘zgarishlar kiritilmagan. Axir sud orqali g‘olib chiqqan abituriyentlar ilgari ham bo‘lganku.
Yoki biroz avval abituriyent qing‘ir yo‘l bilan o‘qishga kirgani isbotlansa, uni talabalar safidan chiqarish uchun huquqiy asos yo‘qligi haqida yozgandim. Aytishlaricha, ushbu qoida yangi qabul qilinishi kutilayotgan qarorda aks etar ekan. Ammo bunaqa muammo 10-15 yil oldin ham bo‘lgan-ku. Har yili shu kabi muammolarga duch kelib turishgan, lekin qonunchilikdagi bo‘shliq to‘ldirilmagan.
Shunaqa xos holatlarnig barchasi Nizomlar doirasida emas, alohida tartibda og‘zaki hal qilinib ketilavergan.
Aslida esa bu kabi muammoli vaziyatlar tezda Nizomlarda aks etishi, huquqiy hujjatlar takomillashtirib borilishi kerak edi.
Ta’limga mas’ullar nimaga shunaqa qilishmagan, o‘ylab o‘yimga yeta olmayman, rosti.
Nima bo‘lganda ham jizzaxlik abituriyent Davron Tursunov talaba bo‘lishi shart.
Manba: xabar.uz