3 856 nafar oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlarga tavsiyanoma berildi


Oliy maʼlumotga ega boʻlmagan xotin-qizlarga 2025/2026 oʻquv yili uchun 2 000 ta davlat granti taqsimoti davlat komissiyasiga taqdim etildi. Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi boʻlim boshligʻi Rahima Mirxoliqova maʼlum qildi.

Unga ko‘ra, davlat granti asosidagi qabul parametrlariga qoʻshimcha 2 000 ta davlat grantidan 402 tasi aniq va tabiiy fanlar yoʻnalishiga, 81 tasi texnika fanlari yoʻnalishiga, 524 tasi tibbiyot fanlari yoʻnalishiga, 993 tasi boshqa yoʻnalishlarga taqsimlangan.

2025-yil 30-maydan 8-iyunga qadar 2 516 nafar talabgor xotin-qizlarning arizalari tavsiyanoma.ijro.uz platformasi orqali qabul qilingan.

Ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga oliy taʼlim muassasalariga qoʻshimcha davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok etishlari uchun jami 14 099 nafar talabgorlarga tavsiyanoma berilgan.

Mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yil mehnat staji mavjud, biroq oliy maʼlumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlar uchun 500 ta kvota ajratilgan. Bu yil shu kvotalar uchun 3 856 nafar talabgorlarga tavsiyanoma berilgan.

5 915 nafar talabgorlarning hujjatlari Nizomda belgilangan mezonlarga muvofiq kelmaganligi sababli tavsiyanoma berish rad etilgan.