Qarshi davlat universiteti hududida talablar uchun 800 o‘rinli yotoqxona quriladi


Qarshi davlat universiteti talabalari uchun 2021-yil yakuniga qadar universitet hududida 800 o‘rinli yotoqxona quriladi. Bu haqda “Daryo"ga universitet axborot xizmati rahbari Oybek Yusupov ma’lum qildi.


Oybek Yusupovning aytishicha, bu haqda rektor Dilmurod Nabiyev talabalar bilan muloqot chog‘ida ma’lum qilgan.


“Universitetida rektor va yoshlar uchrashuvi tashkil etildi. Unda universitetning fizika-matematika fakultetida ijarada turib tahsil oluvchi 300 nafarga yaqin talaba ishtirok etdi. Talabalar bilan suhbat davomida universitet rektori ijarada turuvchi yoshlarni qiynab kelayotgan eng katta muammo — yotoqxona masalasida so‘z yuritib, ijarada turuvchi yoshlar ro‘yxatini shakllantirib, ular yashab turgan joyning universitetga uzoq-yaqinligi va yashash sharoitining qay darajadaligi, shuningdek, talaba yashab turgan mahallaning tinch yoki notinchligiga qarab, yashil, sariq va qizil toifaga ajratib olishni taklif qildi", — deydi Oybek Yusupov.


Ma’lum bo‘lishicha, ayni kunda Qarshi davlat univertitetida jami 18 ming 339 nafar talaba tahsil oladi. Shundan 11 ming 211 nafari bakalavr yo‘nalishida tahsil olib, ularning 2 ming 765 nafari ijarada yashaydi. Universitetning 1050 o‘rinli yotoqxonasida esa 1000 nafar talaba istiqomat qiladi.

“Universitet ixtiyoriga berilgan litsey va pedagogika kolleji yotoqxonalari hisobidan 500 o‘rinli yotoqxona qilish mo‘ljallanmoqda. Shu yotoqxonalarga dastlab qizil toifaga kiritilgan talabalarni joylashtiramiz. Shuningdek, 2021-yil yakuniga qadar universitet hududida talabalar uchun 800 o‘rinli yangi yotoqxona qurib, foydalanishga topshirilishi ma’lum qilindi", — deydi universitet axborot xizmati rahbari.


Aytilishicha, rektor va talabalar muloqotida Dilmurod Nabiyev talabalar murojaati uchun Telegram messenjerida maxsus murojaat bot yaratilganini aytib, har qanday muammoda to‘g‘ridan to‘g‘ri rektor bilan muloqot qilish imkoniyati yaratilganini bildirgan va “Sizni qiynayotgan muammoni to‘g‘ridan to‘g‘ri menga yuboring. Qo‘rqmang, bu botga kelgan murojaatlarni faqat va faqat o‘zim o‘qiyman. Shaxsingiz sir saqlangan holda, muammoyingizga birgalikda yechim topamiz", — degan rektor.


Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2021-yil 27-yanvar kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlat rahbari O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlarining talabalar turar joylariga e’tibor qaratish zarurligini qayd etib, “So‘nggi to‘rt yil mobaynida oliygohlar soni 47 taga ortib, bugungi kunda 129 ta oliy o‘quv yurtida 500 mingdan ortiq talaba ta’lim olmoqda. Lekin birgina poytaxtdagi 85 ta talabalar uyi atigi 13 foiz yoshlarni turar joy bilan ta’minlash imkoniyatiga ega. Yoki 18 ming nafar talaba tahsil olayotgan Samarqand davlat universitetida bor-yo‘g‘i 1 ming 600 o‘rinli yotoqxona mavjud", — degandi.