Bir necha farzandi shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalarga imtiyoz beriladi - Prezident


Ikki va undan ortiq farzandi oliy o‘quv yurtida shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalarga imtiyozli ta'lim krediti berish yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi yoshlar forumida aytib o‘tdi.

Forumda iste'dodli bolalar uchun imkoniyat yaratish, ko‘rik-tanlovlarning g‘olib va sovrindorlarini doimiy qo‘llab-quvvatlash muhimligi ta'kidlandi.

«Agar masalaga chuqurroq qaraydigan bo‘lsak, ertaga mana shunday yoshlar, tuman yoki shaharning «oltin fondi»ga aylanadi va shu hududning obro‘sini yuksaltirishga xizmat qiladi. Shuning uchun har qaysi tuman va shahar hokimiga 10-15 nafar mana shunday iste'dodli yoshni saralab, ularni har tomonlama tarbiyalash va muntazam rag‘batlantirish tizimini yo‘lga qo‘yish vazifasi topshiriladi», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Izlanuvchan yigit-qizlarni rag‘batlantirish maqsadida joriy yilda yoshlar o‘rtasida eng yaxshi ilmiy ishlanmalar uchun umumiy qiymati 30 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan «Yosh olimlar» innovatsion loyihalar tanlovi e'lon qilindi.

2021 yildan boshlab maktab o‘quvchilari va oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘rtasida «Bo‘lajak olim» tanlovini tashkil qilish orqali yoshlarning eng yaxshi innovatsion hamda startap loyihalariga 50 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

«Bu ishlarimizni davom ettirgan holda, kelgusi yilda 100dan ziyod shahar va tumanlarimizda axborot texnologiyalarini chuqur o‘rgatadigan zamonaviy o‘quv markazlarini tashkil qilamiz. Yoshlarga xalqaro IT sertifikatlarini olish xarajatlarining 50 foizgacha bo‘lgan qismi qoplab beriladi. Yaqin ikki yilda «Bir million dasturchi» loyihasi doirasida 300 ming nafar yoshlar kompyuter dasturlash asoslariga bepul o‘qitiladi.

Ikki va undan ortiq farzandi oliy o‘quv yurtida shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalarga imtiyozli ta'lim krediti berish yo‘lga qo‘yilishi aytildi.