Andijonda Varshava menejment universiteti filiali ochildi


Andijonda “Collegium Humanum" Varshava menejment universitetining filiali tashkil etildi

Bu haqda Hukumatning tegishli qarori (211-son, 14.04.2021 yil) qabul qilindi.

Filial nodavlat oliy ta’lim tashkiloti hisoblanadi. Filialda o‘qitish Varshava menejment universiteti tomonidan tasdiqlanadigan o‘quv rejalari va fan dasturlariga muvofiq kunduzgi ta’lim shaklida, ingliz, rus va o‘zbek tillarida to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Filialda ta’lim 2021/2022 o‘quv yilidan boshlanadi va dastlabki bosqichda quyidagi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha talabalar qabul qilinadi:

  • Moliya va buxgalteriya hisobi;
  • Transport va logistikada menejment;
  • Xalqaro biznes va marketing;
  • Turizm, mehmonxona ishi va umumiy ovqatlanishda menejment va marketing;
  • Kichik va o‘rta biznesni boshqarish;
  • Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari.

Bitiruvchilarga O‘zbekistonda oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan diplom beriladi.

Filialning har yilgi qabul parametrlarining 10 foizidan kam bo‘lmagan qismi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning qobiliyatli farzandlari orasidan tanlov asosida abituriyentlarni (Filial granti asosida) o‘qishga qabul qilish uchun ajratiladi, shuningdek, iqtidorli hamda o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan talabalarga to‘lov-kontrakt miqdoriga nisbatan 50 foizgacha chegirma beriladi.

Filialda ta’lim berish uchun 70 foizgacha malakali xorijiy professor-o‘qituvchilar Polsha Respublikasi va Yevropaning boshqa davlatlaridan jalb qilinadi.

Filial o‘z kampusi tashkil qilinguniga qadar Andijon viloyati, Asaka tumani, “Zarbdor" QFY, Ergashobod ko‘chasi, 47-uy manzilida joylashgan Asaka agrotexnologiyalar texnikumi (sobiq Asaka oziq-ovqat texnologiyasi va sanoati kolleji) bino va inshootlarining bir qismida tekin foydalanish huquqi asosida vaqtinchalik joylashtiriladi.