Vebster universiteti vakillari Toshkentdagi hamkor OTMlarga tashrif buyurishdi


AQSh delegatsiyasi tashrif doirasida bugun Toshkent davlat iqtisodiyot va Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga tashrif buyurishdi.

Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining rasmiy telegram kanalida xabar berildi.

Vebster universiteti vakillari TDIUda hamkorlikda ochilayotgan filialiga arizalarni qabul qilish jarayoni, o‘quv jarayoni uchun ajratilgan xonalar, ularning MBA magistratura dasturini ishga tushirish talablari asosida jihozlanishi holati bilan tanishdilar.

Shundan so‘ng tomonlar Markaziy Osiyoda ilk marotaba tashkil etilayotgan MBA (Project Managament) magistratura dasturini universitetda tashkil etish, qabul jarayonlarini muvaffaqiyatli amalga oshirish va uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar.

Toshkent axborot texnologiyalari universitetida Vebster universiteti vitse-prezidenti Djon Payl, universiteti prorektori Dj.Shuster, TATU rahbariyati hamda hamkorlikda tashkil etilayotgan «Biznes boshqaruvi (MBA)» magistratura dasturiga o‘qishga hujjat topshirgan talabalar ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuvda Vebster universiteti vakillari talabalar bilan “Loyihalarni boshqarish" mutaxassisligida malakali kadrlar tayyorlash, o‘quv jarayonining olib borilishi haqida suhbatlashishdi.