Shavkat Mirziyoyev talabalar uchun yotoqxonalar qurilishi sustligini tanqid qildi


«2021-yilda talabalar yotoqxonasi bo‘yicha tizim yaratildi. Lekin, barcha hududlarda ham ishlar bir xilda olib borilmayapti», — dedi Prezident bugungi yig‘ilishda.

Bugungi kunda ehtiyoji bo‘lgan talabalarning 90 ming nafari yotoqxona bilan ta’minlangan, xolos. Misol uchun, 2022-yilda xususiy sherikchilik asosida 19 ming o‘rinli 47 ta talabalar yotoqxonasini qurish belgilangan bo‘lib, subsidiyalar uchun budjetdan 180 milliard so‘m ajratilgan.

Bugungi kunda Andijon, Samarqand va Toshkent shahridan tashqari boshqa hududlarda ish boshlanmagani tanqid qilindi.

Shuningdek, ijarada yashayotgan talabalarga 2022 yilda budjetdan 120 milliard so‘m subsidiyalar ajratilgan. Ya’ni, rektorlarga o‘tgan ikki oyda 24 milliard so‘m mablag‘ berilgan. Biroq, ushbu mablag‘lardan atigi 5 milliard so‘m ishlatilgan.

«Bir oy ichida o‘zgarish qilmagan hudud rahbari va oliygoh rektori ishdan olinadi», — dedi Prezident.

Qaysi oliygoh rektori yotoqxona qurilishining 50 foizini o‘z oliygohi mablag‘i hisobidan qilish tashabbusini bildirsa, qolgan 50 foizi budjetdan qoplanishi belgilandi.