2026-yilda har 10 talabadan 7 tasi yotoqxona bilan ta’minlanadi – vazirlik


2026-yilda qariyb har 10 talabadan 7 tasi yotoqxona bilan ta’minlanishi kutilmoqda, deb xabar berdi vazirlik. Bugungi kunda mamlakatimizda 112 ta oliygohda 338 ta talabalar turar joyi (TTJ) mavjud bo‘lib, ular 127 mingdan ortiq talabani sig‘dira oladi.

2020-yilda talabalar uchun 59 346 o‘rin mavjud bo‘lgan va turar joy ta’minlanishi 28 foizni tashkil etgan edi. Bu ko‘rsatkich 2021-yilda 41 foiz, 2022-yilda esa 47 foizga ko‘tarilgan.

2023-yilda yana 18 ming yotoq o‘rinli talabalar turar joylari qurib foydalanishga topshirilgan va ta’minlash darajasi 54 foiz ko‘rsatkichiga yetgan.

Hozirda respublika miqyosida 46 252 o‘rinli 86 ta talabalar turar joylari barpo etish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda. Ulardan 31 882 o‘rinli 59 ta davlat-xususiy sheriklik asosida, 14 370 o‘rinli 27 tasi oliygohlarning o‘z mablag‘lari doirasida qurilmoqda.

2026-yilda yotoqxonalar sig‘imi 182 616 o‘ringa yetkazilib, ta’minlash darajasi 68 foizdan oshirilishi ko‘zda tutilgan.