Vazirlik: 1-kurslarga ijara shartnomasisiz ikki oylik kompensatsiya puli beriladi


Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan joriy yilda talabalarni turar-joy bilan ta’minlashga qaratilgan yondashuv o‘zgarganligi va yangi raqamlashtirilgan tizim joriy etilganligi haqida ma’lumot berildi. Bu haqda tashkil etilgan press turda so‘z yuritildi.

Xabarga ko‘ra, endilikda oliy ta’lim muassasalarida yotoqxona bilan ta’minlanmagan talabalar uchun ijara xonadonlarni topish va joylashtirish bilan shug‘ullanuvchi markazlar tashkil etilgan.

Talabalarga yordam:

  • Yotoqxonadan joy ololmagan talabalar OTMlardagi maxsus markazlar yordamida ijara xonadonlariga joylashishlari mumkin.
  • Ijara shartnomasi taqdim etilganda, Toshkent shahrida yashovchi talabalar uchun BHMning bir barobari (hozirgi kunda 340 ming so‘m), viloyatlarda esa 0,5 barobari (170 ming so‘m) miqdorida yordam pullari ajratiladi.
  • 1-kurs talabalari uchun esa ijara shartnomasisiz ikki oylik kompensatsiya puli berilishi belgilangan.

Bugungi kunda O‘zbekiston bo‘yicha 112 ta oliygohda jami 338 ta talabalar turar joylari mavjud bo‘lib, ularning sig‘imi 127 792 o‘rinni tashkil etadi. Respublika miqyosida qo‘shimcha 46 252 o‘rinli 86 ta yangi talabalar turar joylarini barpo etish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda. Ayni paytda 34 320 o‘rinli 67 ta yangi talabalar turar joylari qurilmoqda.

Toshkent shahrida esa jami 41 848 o‘rinli 108 ta talabalar turar joylari mavjud bo‘lib, 2022/2023-yillarda 7 152 o‘rinli 13 ta yangi turar joylar qurib foydalanishga topshirilgan.