Ichki ishlar vazirligi abituriyentlarni ogohlantirdi


O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-apreldagi «O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish uchun kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi nizomi asosida har bitta abiturentga tartib-qoidalar haqidagi «Eslatma» berilishiga qaramasdan, abiturentlar tomonidan ularga rioya qilmaslik holatlari kuzatilmoqda, deb xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi.

Test sinovlariga kirishdan oldin xavfsizlikni ta’minlash, ichki tartib-qoidalarga rioya qilish choralarini ko‘rish maqsadida, Davlat test markazi va ichki ishlar xodimlari tomonidan har bir kirayotgan abiturentlar metallodetektor yordamida ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. 

Natijada, test sinovlari jarayonida tartib-qoidalarni buzganligi sababli 255 nafar abituriyent, shundan 179 nafari hududga kirish joyida uyali telefon, shpargalkalar olib kirishga uringanligi uchun, 76 nafari bino ichida shpargalkadan foydalanishga uringanligi uchun test sinovlaridan chetlashtirildi.

Keyingi test sinovlarida qatnashish uchun tashrif buyurayotgan abiturentlardan belgilangan tartib-qoidalarga rioya qilishlarini so‘rab qolamiz, deyiladi vazirlik axborotida.