2026/2027-o‘quv yilida ayrim hududlarda oliy ma’lumotli mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni qoplash maqsadida davlat granti asosidagi maqsadli qabul kvotalari ajratilgan.
Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lumotiga ko‘ra, maqsadli kvotalar:
- maktab ta’limi yo‘nalishlari uchun — tumanlar kesimida;
- sog‘liqni saqlash yo‘nalishlari uchun — tumanlar kesimida;
- san’at yo‘nalishlari uchun — teatrlar kesimida
belgilangan.
Maqsadli kvotada kimlar qatnashadi?
Maqsadli qabul tanlovida faqat kvota ajratilgan hududda doimiy yashaydigan va doimiy ro‘yxatda turadigan abituriyentlar ishtirok eta oladi.
Masalan, muayyan tuman uchun ajratilgan maqsadli yo‘nalishni boshqa hududda doimiy ro‘yxatda turgan talabgor tanlay olmaydi.
Grant necha yilga beriladi?
Maqsadli qabul asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentga davlat granti to‘liq o‘qish davri uchun beriladi.
Ta’lim yo‘nalishiga qarab bu muddat:
- 4 yil;
- yoki 6 yil
bo‘lishi mumkin.
Bunda bitiruvchiga OTMni tamomlagach, tegishli hududda 5 yil ishlab berish majburiyati yuklanadi.
Maqsadli va umumiy kvotada birga qatnashish mumkinmi?
Maqsadli yo‘nalishni tanlagan abituriyent avvalo maqsadli kvota bo‘yicha saralanadi. Agar uning bali maqsadli o‘ringa yetmasa, shu yo‘nalishning umumiy kvotasi bo‘yicha ham tanlovda qatnashadi.
Masalan, Zomin tumanida doimiy yashaydigan abituriyent Toshkent davlat tibbiyot universitetining “Davolash ishi — Zomin tumani” yo‘nalishini tanlasa:
- dastlab Zomin tumani uchun ajratilgan 3 ta maqsadli o‘rin bo‘yicha saralanadi;
- maqsadli kvotaga kira olmasa, shu yo‘nalishning umumiy kvotasi bo‘yicha tanlovda qatnashadi.
Maqsadli kvota asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyent umumiy kvota bo‘yicha qayta saralanmaydi.
Qaysi tanlov ustuvorligini belgilash kerak?
Maqsadli qabulda qatnashish uchun tanlov ustuvorligining ahamiyati yo‘q.
Abituriyent:
- “Davlat granti” ustuvorligini;
- yoki “Ta’lim yo‘nalishi” ustuvorligini
tanlaganidan qat’i nazar, maqsadli kvota bo‘yicha tanlovda ishtirok etadi.
Beshta yo‘nalishning barchasini maqsadli tanlash mumkinmi?
Ha. Agar abituriyentning doimiy yashash hududi uchun tegishli maqsadli kvotalar mavjud bo‘lsa, u beshta tanlovining barchasini maqsadli yo‘nalishlardan shakllantirishi mumkin.
Har bir tanlov bo‘yicha dastlab maqsadli, undan keyin esa umumiy kvota ko‘rib chiqiladi.