2026/2027-o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim tashkilotlari magistraturasiga my.edu.uz orqali hujjat topshirgan talabgorlarning arizalari ko‘rib chiqildi. Ayrim arizalar hujjatlardagi kamchiliklar sababli rad etilgan.
Shu munosabat bilan talabgorlarga 26-avgust kuni soat 14:00 ga qadar arizalarini qayta tahrirlash va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish imkoniyati berildi.
Arizalar nima sababdan rad etilgan?
Arizalarni ko‘rib chiqish jarayonida, jumladan, quyidagi kamchiliklar aniqlangan:
-
tanlangan magistratura mutaxassisligi bakalavriat yo‘nalishiga mos yoki turdosh emasligi;
-
xorijiy til sertifikati tasdiqlanmagani;
-
SAT sertifikati tasdiqlanmagani yoki tegishli talabga javob bermagani;
-
talab qilingan hujjat o‘rniga boshqa fayl yuklangani;
-
hujjatlar to‘liq yuklanmagani;
-
xorijiy tildagi bakalavriat dasturi tamomlanganligi tasdiqlanmagani;
-
yuklangan hujjatlar sifatsiz yoki o‘qib bo‘lmaydigan holatda ekani.
Tuzatish mumkin bo‘lgan kamchilik sababli rad etilgan talabgorlar my.edu.uz orqali arizasini qayta tahrirlashi mumkin.
Oxirgi muddat — 26-avgust soat 14:00
Talabgorlar aniqlangan xatolarni 2026-yil 26-avgust kuni soat 14:00 ga qadar bartaraf etishi kerak.
Soat 14:00 dan keyin arizalarni qayta tahrirlash imkoniyati yopiladi.
Belgilangan muddatda kamchiligi tuzatilmagan arizalar qayta ko‘rib chiqilmaydi.
Til sertifikati bo‘lmasa tahrirlash yordam beradimi?
Bu borada muhim istisno mavjud.
Agar ariza:
-
talab qilinadigan milliy yoki xalqaro xorijiy til sertifikati umuman mavjud emasligi;
-
yoki mavjud sertifikat belgilangan minimal darajaga javob bermasligi
sababli rad etilgan bo‘lsa, arizani qayta tahrirlash tavsiya etilmaydi.
Bunday arizalar qaytadan tahrirlangan taqdirda ham ko‘rib chiqilmaydi.
Biroq sertifikat mavjud bo‘lib, faqat uni tasdiqlash yoki hujjatni to‘g‘ri yuklash bilan bog‘liq texnik kamchilik qayd etilgan bo‘lsa, talabgor shaxsiy kabinetida ko‘rsatilgan rad etish sababini diqqat bilan tekshirishi lozim.
Asosiy muddat: 26-avgust, soat 14:00.