al-Xorazmiy nomidagi maktab tashkil etiladi


O‘zbekistonda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 sentyabrdagi PQ-3274-son qarorida aytildi.

Hujjatda maktab “Ulug‘ alloma Muhammad al-Xorazmiyning buyuk va bebaho merosini qadrlash, uni yosh avlod ongiga chuqur singdirish, o‘quvchilarning aniq fanlarning yuksak marralarini zabt etishiga ko‘maklashish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi iqtidorlarini aniqlash hamda qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida"tashkil etilgani aytilgan.

Maktabning asosiy vazifalari:

— umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartlari asosida zamonaviy axborot va pedagogik texnologiyalardan keng foydalangan holda matematika, fizika, informatika va chet tili fanlarining chuqur o‘qitilishini tashkil etish;

— o‘quvchilarda dasturlash asoslarini, ma’lumotlar bazalarini shakllantirish va axborot xavfsizligi ko‘nikmalari va media madaniyatni maktab davridan boshlab shakllantirish;

— yuqori kasb mahoratiga ega bo‘lgan pedagoglarni jalb etgan holda o‘quvchilarning yosh matematiklar, yosh fiziklar, yosh dasturchilar, yosh ixtirochilar jamoalarini tashkil qilish, ularning respublika va xalqaro fan olimpiadalarida muntazam ishtirok etishlarini ta’minlash;

— o‘quvchilarni chet tilini bilish darajasini tasdiqlovchi milliy va xalqaro e’tirof etilgan sertifikatlar olishga tayyorlash;

o‘quv jarayonining ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalari bilan uzviyligini ta’minlash maqsadida 10-11-sinf o‘quvchilarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishidagi yetakchi tashkilotlarda ishlab chiqarish amaliyoti o‘tashlarini tashkil etishdan iborat bo‘ladi, deyiladi O‘zbekiston prezidenti matbuot-xizmati xabarida.

Ixtisoslashtirilgan maktabga o‘quvchilar O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan belgilanadigan kvota asosida 5-sinfdan boshlab yozma va og‘zaki sinov natijalariga ko‘ra tanlov asosida qabul qilinadi.


Manba:sof.uz