“Zakovat” intellektual o‘yini g‘olib va sovrindorlari OTMlarga imtihonsiz qabul qilinadi


Prezident qarori bilan “Zakovat" intellektual o‘yinining respublika bosqichida g‘olib va sovrindor bo‘lgan o‘quvchilar hamda OTM talabalari taʼlimning keyingi bosqichiga to‘lov-kontrakt asosida imtihon sinovlarisiz qabul qilinadi. Shuningdek, «Yangi O‘zbekiston bog‘i»ga tutash hududda «Zakovat intellektual o‘yinlari klubi» uchun alohida bino hamda «Intellektual o‘yinlar shaharchasi» barpo etiladi. Qolaversa, “Zakovat" stipendiyasi joriy etiladi.

20 yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev “Zakovat" intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-maʼrifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o‘yinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Mazkur hujjatda 2021 yil oktyabr oyida davlat rahbarining Buxoro viloyati Romitan tumanida “Zakovat" intellektual o‘yinida ishtiroki davomida bildirgan takliflari aks etgan.

Jumladan, «Yangi O‘zbekiston bog‘i»ga tutash hududda «Zakovat intellektual o‘yinlari klubi» uchun alohida bino hamda «Intellektual o‘yinlar shaharchasi» barpo etiladi. Mazkur binolar Yoshlar ishlari agentligining balansida bo‘ladi.

2022/2023 o‘quv yilidan boshlab intellektual o‘yinlarning respublika bosqichida g‘olib bo‘lgan o‘quvchi yoshlar va talabalar uchun yil davomida har oyda beriladigan “Zakovat" stipendiyasi joriy etiladi.

2022 yildan boshlab, bosqichma-bosqich umumiy o‘rta, Prezident, o‘rta maxsus va professional hamda oliy taʼlim muassasalarida “Zakovat" intellektual klublari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi hamda hududlardagi Yoshlar markazlarida intellektual o‘yinlar jamoalari uchun alohida xonalar tashkil etiladi.

2022 yildan boshlab har yili talabalar o‘rtasida Intellektual olimpiada tashkil qilinadi. Unda umumjamoa hisobida dastlabki uchta o‘rinni qo‘lga kiritgan oliy taʼlim muassasasiga O‘zbekiston prezidenti sovg‘asi topshiriladi.

Intellektual o‘yinlarning respublika bosqichida g‘olib va sovrindor bo‘lgan umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional taʼlim muassasalari o‘quvchilari hamda OTM talabalari taʼlimning keyingi bosqichiga bazaviy to‘lov-kontrakt asosida imtihon sinovlarisiz qabul qilinadi.

Taʼlim muassasalarida tashkil etilgan “Zakovat" intellektual klublarining koordinatori bo‘lgan professor-o‘qituvchilarga mehnatga haq to‘lash fondining 50 foizi miqdorida bir martalik ustama to‘lab beriladi.

2022/2023 o‘quv yilidan boshlab har yili aprel oyida «Intellektual haftalik» tadbiri o‘tkazib boriladi. Ëshlarning intellektual salohiyatini oshirish, ularga motivatsiya berish maqsadida mashhur olimlar, jumladan, Nobel mukofoti sohiblari bilan uchrashuvlar tashkil etiladi.

“Zakovat" va boshqa intellektual o‘yinlarining hududiy va respublika bosqichi g‘oliblarini o‘z mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar zaxirasiga olish hamda rahbarlik lavozimlariga tayinlash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi «Yoshlar oromgohi»da mavsumiy ishlaydigan «Intellektual maktab» loyihasi yo‘lga qo‘yiladi.

Intellektual turnirlar tashkil qilish, bilimdon yoshlarni rag‘batlantirish, yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan kompyuter va mobil o‘yinlarni yaratgan dasturchilarga grant va subsidiyalar ajratish maqsadida 2022 yilda 50 mlrd so‘m miqdorida, keyingi yillarda asoslangan hisob-kitoblarga muvofiq davlat byudjetidan mablag‘ ajratiladi.

Maʼlumot uchun, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2021 yil 12 oktyabr kuni “Zakovat" intellektual o‘yini faol ishtirokchilaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi. Hujjat Buxoro viloyatida cho‘ldagi sayyohlik klasterida final o‘tkazilgan joyning o‘zida imzolangandi.

O‘tgan yilning yanvar oyida dastur yopilgani haqida xabarlar paydo bo‘lgach, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi vasiylik kengashi rahbari Komil Allamjonov o‘yinni o‘z otalig‘iga olganini maʼlum qildi. Fevral oyida Adliya vazirligi “Zakovat" intellektual klubini nodavlat notijorat tashkilot sifatida ro‘yxatdan o‘tkazdi. Yangi formatdagi birinchi “Zakovat" turniri mart oyida bo‘lib o‘tgan edi.