2026/2027-o‘quv yili qabulida talabalikka tavsiya etilmagan ayrim abituriyentlar uchun davlat OTMlariga kirish imkoniyati hali tugamadi. Minimal o‘tish balini to‘plagan talabgorlar vakant, ya’ni bo‘sh qolgan bakalavriat o‘rinlari uchun qo‘shimcha tanlovda qatnashishi mumkin.
Amaldagi tartibga ko‘ra, tanlov faqat abituriyent test topshirgan fanlar majmuasi va ta’lim tiliga mos yo‘nalishlar bo‘yicha o‘tkaziladi.
Kimlar qo‘shimcha tanlovda qatnashadi?
Vakant o‘rinlarga da’vogarlik qilish uchun abituriyent:
-
kirish imtihonida ishtirok etgan;
-
Davlat komissiyasi belgilagan minimal ball yoki undan yuqori natija qayd etgan;
-
asosiy mandatda talabalikka tavsiya etilmagan
bo‘lishi kerak.
Shuningdek, testda yetarli ball olgan, biroq qabulning ikkinchi bosqichida OTM va ta’lim yo‘nalishini umuman tanlamagan abituriyentlar ham vakant o‘rinlar tanlovida qatnashish huquqiga ega.
Faqat mos fanlar majmuasidagi yo‘nalish tanlanadi
Abituriyent bo‘sh qolgan istalgan yo‘nalishni tanlay olmaydi.
Tanlanayotgan bakalavriat yo‘nalishining:
-
test fanlari majmuasi;
-
ta’lim tili
talabgor imtihon topshirgan fanlar va til bilan mos kelishi shart.
Grant beriladimi?
Yo‘q. Vakant o‘rinlarga qabul bazaviy to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Tanlovda talabgorlarning testda to‘plagan ballari bo‘yicha reyting ketma-ketligiga qat’iy rioya qilinadi. Balli yuqori abituriyent mavjud bo‘sh o‘rin uchun birinchi navbatda ko‘rib chiqiladi.
Tanlov qachon boshlanadi?
Qonunchilikka ko‘ra, bakalavriat qabul natijalari e’lon qilinganidan bir hafta o‘tib vakant o‘rinlarga ro‘yxatdan o‘tish boshlanadi va buning uchun bir hafta muddat beriladi.
Bilim va malakalarni baholash agentligi ishtirokidagi 17-avgust matbuot anjumanida 2026-yilgi qo‘shimcha tanlovni 22–23-avgust kunlari boshlash rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.
Hozirda vakant kvotalar hisoblanmoqda. Bo‘sh o‘rinlarning aniq soni, yo‘nalishlar va ro‘yxatdan o‘tish sanalari keyinroq e’lon qilinadi.