Yuridik universitet huzurida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari kadrlarini tayyorlash instituti tashkil etiladi


Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tizimida kadrlar tayyorlashni tubdan takomillashtirish to‘g‘risida"gi prezident qarori loyihasi e'lon qilindi. Bu haqda kun.uz yozmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashining Toshkent davlat yuridik universiteti huzurida Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari kadrlarini tayyorlash institutini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanishi mumkin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslari shtat birligi va moliyalashtirishning amaldagi tartibi saqlangan holda Institutning yuridik shaxs hisoblanadigan hududiy filiallari sifatida qayta tashkil etiladi.

Quyidagilar Institutning asosiy vazifalari etib belgilanadi:

zamonaviy sharoitlarda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining kasbiy bilim va saviyasiga qo‘yilayotgan talablarni hisobga olgan holda qayta tayyorlash va malakasini oshirish;

mahalliy boshqaruv va hududiy rivojlanish sohasidagi o‘ziga xos xususiyatlarni hisobga olgan holda amaliyotga yo‘naltirilgan bilimlarni, shuningdek davlat va hududiy dasturlarni hamda normativ-huquqiy hujjatlarni sifatli ijro etish, axborotni mustaqil izlash va tahlil qilish ko‘nikmalarini shakllantirish;

o‘quv jarayoniga zamonaviy ta'lim texnologiyalarini tatbiq etgan holda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarida tahliliy fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirish, hududlarda yuzaga kelgan muammolarni tahlil qilish, shuningdek normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlarni qo‘llash va talqin qilish qobiliyatini rivojlantirishga qaratilgan interfaol mashg‘ulotlarni muntazam o‘tkazish;

fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarida faoliyatni rejalashtirish va ish rejalari (“yo‘l xaritalari")ni sifatli bajarish ko‘nikmalarini shakllantirish;

qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari hamda o‘quv-amaliy seminarlar jarayonida aniqlangan muammolar bo‘yicha axborot-tahliliy materiallarni tayyorlash;

fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, faoliyatini takomillashtirishning samarali mexanizmlarini joriy etish, mahalla tizimida yagona huquqni qo‘llash amaliyotini joriy etishga qaratilgan fundamental, amaliy hamda innovatsion tadqiqotlarni tashkil etish va o‘tkazish, shuningdek mahallani noyob tuzilma sifatida o‘rganishga yo‘naltirilgan tadqiqotlarni muvofiqlashtirish;

fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va hududiy filiallarni o‘quv-uslubiy adabiyotlar bilan ta'minlab borish.

Belgilanishicha:

a) Institutda qayta tayyorlash va malaka oshirish quyidagi dasturlar bo‘yicha amalga oshiriladi:

qonunchilikdagi yangiliklar mazmun-mohiyatini yetkazish, kasbiy ko‘nikma va malakalarni takomillashtirish, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining jamiyatdagi o‘rni va rolini kuchaytirish, shuningdek fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatidagi tizimli kamchiliklarni bartaraf etishga yo‘naltirilgan dasturlar bo‘yicha, davomiyligi 144 soatdan kam bo‘lmagan holda malaka oshirish;

oliy noyuridik ma'lumotga ega bo‘lgan kadrlarni “fuqarolik jamiyati" yuridik mutaxassisligi bo‘yicha qayta tayyorlash kunduzgi ta'lim shaklida maxsus olti oylik dastur bo‘yicha belgilangan namunadagi diplom berilgan holda amalga oshirish;

b) Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha hududiy kengashlari, O‘zbekiston “Mahalla" xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston “Mahalla" xayriya jamoat fondining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bo‘limlari hamda tumanlar va shaharlar bo‘linmalari, shuningdek hududiy filiallarning rahbar va pedagog xodimlari Institutda, fuqarolar yig‘inlari raislari va mas'ul kotiblari esa hududiy filiallarda malaka oshiradi;

v) belgilangan davriylikka muvofiq respublika va hududiy kengashlari, “Mahalla" fondi va uning hududiy bo‘limlari, hududiy filiallarning xodimlari, shuningdek fuqarolar yig‘inlari raislari va mas'ul kotiblari malakasini oshirish va qayta tayyorlash davlat grantlari asosida amalga oshiriladi;

g) malaka oshirishning tasdiqlangan jadvaliga kiritilgan va o‘qishga yo‘llangan tinglovchilarning asosiy ish joyi bo‘yicha o‘rtacha ish haqi o‘qish davrida saqlab qolinadi;

d) malaka oshirish va qayta tayyorlash uchun yuborilgan boshqa hududda yashaydigan tinglovchilarga to‘lanadigan sutkalik pul va ta'lim olish joyiga bir marta borib kelish bo‘yicha sarflangan xarajatlar ularni yuborayotgan tomon hisobidan respublika doirasida xizmat safarlari uchun o‘rnatilgan tartib va miqdorlarda qoplanadi.