Hujjat bilan nomzodlarni tavsiya etish, ularni test sinovlari va suhbatdan o‘tkazish tartibini belgilaydigan akademiyaga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom, shuningdek xorijiy davlatlar fuqarolarini qabul qilish, ularning huquqlari va majburiyatlarini nazarda tutuvchi xorijiy davlatlar fuqarolarini qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Akademiya magistraturasiga qabul qonuniylik, xolislik, shaffoflik, kollegiallik va teng huquqlilik tamoyillari asosida amalga oshiriladi.
O‘qitish oliy ta’limning davlat ta’lim standartlariga muvofiq, davlat buyurtmasi bo‘yicha grant va to‘lov-kontrakt asosida, magistr darajasi berilgan va belgilangan davlat namunasidagi diplom topshirilgan holda quyidagi mutaxassisliklar bo‘yicha amalga oshiriladi:
- «Hududlarni kompleks rivojlantirish»;
- «Davlat boshqaruvi»;
- «Inson resurslarini rivojlantirish»;
- «Davlat siyosati»;
- «Davlat moliyasini boshqarish».
Akademiyada davlat buyurtmasiga asosan magistratura mutaxassisliklariga qabul qilish uchun nomzod sifatida quyidagilar bo‘lishi mumkin:
«Davlat boshqaruvi» mutaxassisligi bo‘yicha 45 yoshdan oshmagan, tayanch oliy ma’lumotga ega, kamida respublika darajasida bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari, hududiy va tuman (shahar) darajasida tuman (shahar) bo‘lim boshlig‘i lavozimida mehnat qilayotgan hamda 2 yildan kam bo‘lmagan boshqaruv lavozimida ish stajiga ega bo‘lgan shaxslar;boshqa barcha mutaxassisliklar bo‘yicha 45 yoshdan oshmagan, tayanch oliy ma’lumotga va kamida 2 yil boshqaruv lavozimlarida ish tajribasiga ega shaxslar.
Shuningdek, akademiya magistratura va qayta tayyorlash kurslariga xorijiy davlatlar fuqarolarini qabul qilish uchun hujjatlarini o‘zining rasmiy veb-sayti orqali elektron shaklda qabul qiladi.
Xorijiy fuqarolarning to‘lov-kontrakt asosida o‘qish qiymati akademiyaning vasiylik kengashi tomonidan belgilanadi.
Xorijiy fuqarolar qabul qilinishi uchun kamida bakalavr darajasidagi (yoki unga tenglashtirilgan darajadagi) diplomga ega bo‘lishi, shuningdek tegishli ta’lim dasturlarida nazarda tutilgan tilni bilish darajasi, xorijiy tillarni belgilovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar bo‘yicha B2 va undan yuqorida darajada bo‘lishi kerak.
Xorijiy fuqarolar belgilangan tartibda o‘tkaziladigan suhbat, shu jumladan motivatsion xatning mazmunini baholash natijasidan kelib chiqib qabul qilinadi.
Suhbat jarayoni shaffof va adolatli o‘tkaziladi hamda jarayon videotasvirga yozib olinadi.