Yuridik texnikum bitiruvchilarini OTMga qabul qilish tartibi belgilandi


Hukumat qarori bilan Adliya vazirligi yuridik texnikumi bitiruvchilarini yurisprudensiya yo‘nalishi bo‘yicha oliy ta'lim muassasalariga qabul qilishga oid nizom tasdiqlandi.

Hujjatga ko‘ra, hududiy adliya organlari har yili 10 iyungacha yuridik texnikum bitiruvchilariga yo‘llanma berish masalasini ko‘rib chiqish uchun komissiya tuzadi. Bitiruvchilar yo‘llanma olish uchun komissiyaga 20 iyungacha onlayn platforma orqali murojaat qiladi.

Arizalar 20 iyundan 30 iyungacha quyidagi asosiy talablar bo‘yicha ko‘rib chiqiladi: har bir fan bo‘yicha reytingi 71 va undan yuqori bo‘lishi (sirtqi yoki masofaviy ta'limda o‘qiganlar uchun 85 va undan yuqori); chet tilini B2 va undan yuqori darajada bilishini tasdiqlovchi sertifikati bo‘lishi; ma'naviy-ma'rifiy va jamoat ishlari, loyihalar va tanlovlarda faol ishtirok etgan, shaxsiy yutuqlar mavjud bo‘lishi; ichki tartib-qoidalarga, odob-axloq qoidalariga rioya etishi kerak;

Yo‘llanma olganlar hujjatlarini 5-25 iyulda OTMga onlayn yuboradi. Yo‘llanma olganlar bilan yakka tartibdagi suhbat 10-25 avgustda o‘tkaziladi. Suhbatda mamlakatdagi islohotlar mohiyati, ixtisoslikni tanlashdagi motivatsiya, shaxsiy-kasbiy xususiyatlar, yuridik bilimlar aniqlanadi va baholanadi.

Suhbat natijalari 30 avgustgacha abituriyentni o‘qishga qabul qilish uchun tegishli OTMga yuboriladi.