My.oliygoh.uz My.oliygoh.uz Hujjat topshirish

Yurisprudensiya yo‘nalishlariga IQ test topshiruvchilar uchun eslatma


2026/2027-o‘quv yili qabulida Toshkent davlat yuridik universitetining ayrim yurisprudensiya yo‘nalishlariga hujjat topshiruvchi abituriyentlar uchun IQ test tartibi belgilandi.

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 350-son qarori bilan oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriatiga qabul qilish tartibiga IQ test o‘tkazish bo‘yicha o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Unga ko‘ra, IQ test Toshkent davlat yuridik universitetining “Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik” hamda “Raqamli huquq” ta’lim yo‘nalishlariga qabul jarayonida o‘tkaziladi.

Ro‘yxatdan o‘tish vaqtida huquq sohasida test topshiriladigan fanlar majmuasi bilan birga IQ testdan o‘tishni tanlagan abituriyentlar ushbu sinovda ishtirok etadi.

IQ test sinovlari TDYUU tomonidan IQ test oluvchi hamkor xorijiy tashkilot bilan tuziladigan shartnoma asosida har yili 10-iyulga qadar o‘tkazilishi belgilangan.

Test sinovlarini o‘tkazish va natijalarni baholash xorijiy tashkilot talablariga muvofiq amalga oshiriladi.

Muhim jihati, faqat IQ test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan abituriyentlargagina keyingi bosqichda TDYUUning “Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik” hamda “Raqamli huquq” yo‘nalishlarini tanlash imkoniyati beriladi.

Ya’ni abituriyent oliy ta’lim tashkiloti va bakalavriat ta’lim yo‘nalishini tanlash bosqichida mazkur yo‘nalishlarni belgilashi uchun avval IQ testdan muvaffaqiyatli o‘tgan bo‘lishi kerak.

Shuningdek, ushbu ta’lim yo‘nalishlariga tanlovda ishtirok etish uchun chet tili bo‘yicha kamida B2 darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikat talab qilinadi.

Shu sababli TDYUUning mazkur yo‘nalishlariga qiziqayotgan abituriyentlar IQ test tartibi, test muddati va chet tili sertifikati talablariga alohida e’tibor qaratishi lozim.

Abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tish jarayonida tanlovlarini diqqat bilan tekshirishi va IQ testga oid rasmiy e’lonlarni kuzatib borishi tavsiya etiladi.