«Toshkent davlat yuridik universitetiga yuridik kolleji o‘quvchilari imtihonsiz qabul qilinar ekan. Shu gap rostmi?»
— Hurmatli fuqaro. Siz yuqorida eshitgan ma’lumotingiz to‘g‘ri.
Prezidentning 2018-yil 13-apreldagi farmon va qaroriga ko‘ra, hududlarda yuridik kollejlari tashkil etiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi adliya vaziri hamda viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari boshliqlari lavozimi bo‘yicha yuridik kollejlari direktorlari hisoblanadi.
2020/2021-o‘quv yilidan boshlab yuridik kollejlari bitiruvchilari TDYuUga hududiy adliya organlarining yo‘llanmalari bo‘yicha kirish test sinovlarisiz yakka tartibdagi suhbat o‘tkazish orqali bakalavrlarni tayyorlashning maxsus uch yillik dasturi bo‘yicha va o‘qishning tugashidan so‘ng taqsimotga muvofiq uch yil davomida uzluksiz ishlab berish majburiyatini olgan holda o‘qishga kirishga haqli.
Qayta tashkil qilinayotgan yuridik kollejlar va akademik litseyning 3-bosqich o‘quvchilarining o‘qishi ularni ta’limning o‘xshash yo‘nalishlari bo‘yicha yaqin joylashgan kasb-hunar kollejlari va akademik litseyning o‘quvchilar kontingentiga qo‘shish yo‘li bilan ushbu ta’lim muassasalarida tamomlanadi.
Manba: xabar.uz