2027/2028-o‘quv yilidan O‘zbekistondagi oliy ta’lim tashkilotlarida dual ta’limning yangi tizimi joriy etiladi. Talabalar ish beruvchi korxonalar buyurtmasi asosida o‘qishga qabul qilinib, ta’lim davrida oylik ish haqi oladi.
Yangi tartib Prezidentning 2026-yil 29-sentabrdagi PF–209-son Farmoni bilan belgilandi.
Farmonga muvofiq, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashda “korxona – oliygoh – maqsadli kadr” tamoyili qo‘llanadi. Ya’ni korxona o‘ziga zarur mutaxassisga buyurtma beradi, oliygoh uni tayyorlaydi va bitiruvchi keyinchalik shu korxonada faoliyatini davom ettiradi.
Dual ta’lim bo‘yicha bakalavriat yo‘nalishlari va qabul parametrlari OTM tomonidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Talabalarni qabul qilish ish beruvchi korxonaning buyurtmasi asosida, to‘lov-kontrakt shaklida har yili 1-oktabrga qadar amalga oshiriladi.
Dual ta’lim oliygoh, korxona va talaba o‘rtasida tuziladigan uch tomonlama shartnoma asosida tashkil qilinadi.
Unga ko‘ra, korxona talabaga butun o‘qish davri davomida mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan oylik ish haqi to‘lashi kerak.
Shuningdek, korxona buyurtmasi asosida tayyorlangan bitiruvchini keyinchalik ishga qabul qilish ko‘zda tutiladi.
Talabaning ham korxona oldida majburiyati bo‘ladi. U o‘qishni tugatgach, buyurtma bergan korxonada kamida ikki yil ishlab berishi kerak.
Mazkur talab ham oliygoh, korxona va talaba o‘rtasidagi shartnomada belgilanadi.
Yangi tizim orqali ta’lim jarayoni korxonalarning real kadrlar ehtiyoji bilan bevosita bog‘lanadi va talaba o‘qish jarayonidayoq kelajakdagi ish joyiga ega bo‘lishi mumkin.