My.oliygoh.uz My.oliygoh.uz Hujjat topshirish

Tibbiyotda “5+1” tizimi joriy etiladi: bitiruvchilar bir yil to‘liq amaliyot o‘taydi


2027/2028-o‘quv yilidan O‘zbekistonda tibbiyot bakalavriatida yangi ta’lim modeli joriy etiladi. “Davolash ishi” yo‘nalishi negizida 6 yillik “Umumiy tibbiyot” bakalavriat yo‘nalishi tashkil etilib, ta’lim “5+1” shaklida olib boriladi.

Yangi tartibga ko‘ra, talabalar besh yil davomida nazariy va amaliy ta’lim oladi, bitiruvchi kursda esa bir o‘quv yili to‘liq amaliyotga ajratiladi.

Bitiruvchilarga qanday malaka beriladi?

“Umumiy tibbiyot” yo‘nalishini tamomlagan bitiruvchilarga umumiy amaliyot shifokori kvalifikatsiyasi beriladi.

Ular belgilangan tartibda oilaviy shifokor lavozimida ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Amaliyot faqat “Umumiy tibbiyot” yo‘nalishidami?

Yo‘q. Farmonda tibbiyot sohasidagi barcha bakalavriat yo‘nalishlarida bitiruvchi kurs talabalarining bir to‘liq o‘quv yili davomida amaliyot o‘tashi nazarda tutilgan.

Bu orqali talabalarni oliy ta’limni tugatishidan oldin real klinik sharoitga yanada chuqurroq jalb qilish ko‘zda tutilmoqda.

Hozir “Davolash ishi”da o‘qiyotgan talabalar-chi?

Amaldagi “Davolash ishi” yo‘nalishining tegishli bosqichlarida tahsil olayotgan talabalar uchun ta’lim jarayoni yangi moslashtirilgan o‘quv reja va dasturlar asosida tashkil etiladi.

Demak, yangi tizim faqat 2027-yilda o‘qishga kiradigan talabalar bilan cheklanmaydi — amaldagi talabalarning ayrim bosqichlari uchun ham o‘quv jarayoni moslashtiriladi.

Qabul kvotalari qanday belgilanadi?

2027/2028-o‘quv yilidan tibbiyot bakalavriatiga ajratiladigan davlat buyurtmasi parametrlari Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan yo‘nalishlar kesimida tasdiqlanadi.

Bunda:

  • hududlardagi mutaxassislar ehtiyoji;
  • tibbiyot tashkilotlarining kadrlar talabi;
  • mavjud va kelajakdagi kadrlar yetishmovchiligi

hisobga olinadi.

Stomatologiya talabalari uchun alohida tartib

Stomatologiya yo‘nalishidagi talabalar amaliyotini kuchaytirish maqsadida tibbiyot oliy ta’lim muassasalariga stomatologiya poliklinikalari biriktirib beriladi.

Bu orqali talabalar o‘qish jarayonidayoq real klinik amaliyotga jalb qilinadi.