2019–2020 o‘quv yilida kollejlarga qabul jarayoni to‘xtatildi. Bu kollej o‘qituvchilari orasida xavotirlar keltirib chiqardi. Endi nima bo‘ladi? Kollejlar tugatiladimi? O‘z vaqtida olqishlangan 9+3 (9 yillik umumta'lim maktabi va 3 yillik kollej) tizimi so‘nggi yillarda o‘zini oqlamagani ma'lum qilindi. Ta'limdagi inqirozdan qanday muvaffaqiyatli o‘tish mumkin? Chiqish yo‘li bormi? Shu masala bo‘yicha Oliy va o‘rta-maxsus ta'lim vazirligi boshqarma boshlig‘i Aziz Meliboyev tushuntirish berdi.
«Kollejlarga qabul vaqtinchalik to‘xtatildi. Sababi...»
2019-2020 yilda ayrim kollejlarga, xususan, tibbiyot kollejlariga qabul bo‘lmagani yuzasidan murojaatlar kelib tushdi. Boshqa kollejlar tugatilsa ham, tibbiyot kollejlariga qabul davom etaveradi, degan fikrlar ham yo‘q emasdi. Bu muassasalarda shunday vaziyat bo‘lgani tushunmovchiliklarni keltirib chiqardi.
Qabul butunlay to‘xtatilgani yo‘q, bu vaqtinchalik holat. Sobiq o‘rta maxsus kasb-hunar ta'limi muassasalari o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash jarayonida davlat, iqtisodiyot, jamiyat va ota-onalar tomonidan qo‘yilgan talablarni to‘laqonli bajara olmadi. Shuning uchun 2019-2020 o‘quv yilida barcha kasb-hunar kollejlariga qabul e'lon qilinmadi. Yangicha professional ta'lim tizimiga o‘tish maqsad qilindi va unga tayyorgarlik muddati bir yil deb belgilandi.
Prezident farmonida belgilangan vazifalarni bajarish, jumladan, darsliklarni yangilash, ilgarigi 3 yilga mo‘ljallangan o‘quv dasturini optimallashtirish va boshqa tashkiliy ishlarni bajarishga ma'lum muddat talab qilindi. Kelayotgan o‘quv yilidan boshlab ish beruvchilarning talab-ehtiyojlarini o‘rganib chiqib, qabul kvotalari ajratiladi. Har doimgidek, bu yil iyun oyidan boshlab o‘quvchilar hujjatlarini qabul qilish boshlanadi.
«Kollejlarda professional ta'lim asosida kadrlar tayyorlanadi»
Ko‘pchilik orasida vahima uyg‘ondi: 11 yillik umumta'lim tizimi yo‘lga qo‘yilgandan keyin kasb-hunar kollejlariga ehtiyoj qolmaydi. Bu qarash noto‘g‘ri. Har doim bir bosqichdan yangisiga o‘tilayotganda, jamoatchilik tomonidan e'tirozlar bo‘ladi. Bu tabiiy holat. Xuddi shuningdek, 2019 – 2020 o‘quv yiliga ayrim kollejlarga qabul jarayoni to‘xtatib turildi. O‘qituvchi, ota-onalar, o‘quvchilar o‘rtasida noroziliklar ko‘paydi. Hammada bir xil savol: nima uchun o‘tgan o‘quv yilida kollejlar o‘quvchilarni qabul qilmadi? Kollejlarni bosqichma-bosqich tugatish rejalashtirilganmi? Aslida unday emas.
2 yil davomida kollejlar faoliyatini takomillashtirish borasida fundamental tadqiqotlar o‘tkazildi. Oldingi tizimning kamchiliklari bilan birga ilg‘or xorijiy tajribalar ham puxta o‘rganildi. Bu ishga 50 nafardan ortiq nufuzli xalqaro ekspertlar jalb etildi va ulardan zarur xulosalar olindi. Shuning uchun tubdan yangilangan, iqtisodiyotni rivojlantirishga xizmat qiladigan, mehnat bozoridagi ehtiyojdan kelib chiqib, ish beruvchi buyurtmasi asosida maqsadli kadrlar tayyorlaydigan kelajak kollejlarini modellashtirish loyihalari ishlab chiqildi.
2019 yil 6 sentyabrda «Professional ta'lim tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident farmoni ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, professional ta'lim 3 bosqichda amalga oshirilishi (kasb-hunar ta'lim maktablari, kollejlar, texnikumlar), jumladan, kollejlarda o‘qitish davlat buyurtmasi yoki to‘lov-kontrakt asosida olib boriladi. Respublikadagi jami 147ta kollejda kamida umumiy o‘rta ma'lumotga ega bo‘lgan o‘quvchilar hisobidan kasblar va mutaxassisliklarning murakkabligidan kelib chiqqan holda, 2 yilgacha muddatda kunduzgi, kechki va sirtqi ta'lim shakllarida o‘qitiladi, ilgarigi 3 yillik standartdan to‘liq voz kechib, tabaqalashtirilgan ta'lim dasturlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.
«Professional ta'lim tizimi 3 bosqichli bo‘ladi»
Birinchi toifa – 9 sinf bitiruvchilarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan hamda yoshlarning professional ta'lim olishini ta'minlaydigan kasb-hunar maktablari bo‘lib, ularda ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan 9-sinf bitiruvchilari 2 yillik ta'lim dasturlari asosida o‘qitiladi. Chunki bu toifa o‘quvchilarni kasbga o‘rgatish, malakali mutaxassis sifatida mehnat bozoriga kirib kelishiga ko‘maklashish zarur. Yoshlarga oilaviy biznes, tomorqa biznesi, qurilish, xizmat ko‘rsatish, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, quyonchilik, baliqchilik kabi sohalarning ilmi, texnologiyasi o‘rgatiladi. O‘qishga qabul qilingan kundan e'tiboran o‘z shaxsiy biznesni boshlash va bitirgan paytda barqaror tadbirkorlik faoliyatiga, aniq ish o‘rni va daromadiga ega bo‘lishi kerak.
Ikkinchi toifa - xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, strategik muhim ahamiyatga ega bo‘lgan loyihalar asosida yaratiladigan yangi ish o‘rinlarini malakali mutaxassislar bilan to‘ldirishga yo‘naltirilgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlar tasarrufida kollejlar faoliyat ko‘rsatadi. Bunda kadrlar tayyorlash kasblar va mutaxassisliklarning murakkablik darajasiga ko‘ra mehnat bozoriga moslashuvchan ta'lim dasturlari asosida
2 yilgacha muddatda tashkil etiladi.
Har bir yirik korxona, klaster, vazirlik va idora o‘z yo‘nalishida mehnat bozorini puxta o‘rgangan holda joriy va istiqbolda yaratiladigan ish o‘rinlari, kadrlarga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqib, o‘rta bo‘g‘in mutaxassislariga malaka talabini beradi, byurtmalar portfelini shakllantiradi. Bu har bir tarmoq avvaldan aniq ish o‘rni uchun o‘ziga kerak bo‘lgan kadrni buyurtma asosida tayyorlaydi, deganidir. Shunda bitiruvchining ish o‘rni ham kafolatlangan bo‘ladi. O‘quvchilar haftaning
3 kunida kollejda nazariy bilim oladi, 3 kunida korxonaning o‘zida, biriktirilgan usta rahbarligida to‘g‘ridan-to‘g‘ri kelajakda ishlaydigan ish o‘rnida amaliyot o‘taydi. Bu tizim Germaniya tajribasida yaxshi samara bergan «dual» ta'lim tizimi sifatida alohida e'tirof etilgan.
Uchinchi toifa – oliy ta'lim tizimi bilan integratsiyalashgan vazirlik, idora, tashkilotlar tizimidagi kasb-hunar kollejlari negizida faoliyat ko‘rsatadigan texnikumlar tashkil etiladi. Bunda oliy ta'limning bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari bilan integratsiyalashgan kichik bakalavrlar (Associate degree) tayyorlash bo‘yicha kunduzgi, kechki va sirtqi ta'lim shakllarida kamida 2 yil muddatga mo‘ljallangan ta'lim dasturlari amaliyotga joriy etiladi;
Adliya vazirligi tasarrufidagi huquqshunoslik kollejlari shu tizimga o‘tdi. 2 yillik tahsildan so‘ng o‘quvchilar oliy ta'lim muassasasida o‘qishini davom ettirish imkoniga ega bo‘ladi.
«Endi kollej bitiruvchisining boradigan ish joyi tayin bo‘ladi»
O‘zimizning «Milliy malaka tizimi»ga ega bo‘lamiz. Uning mohiyati nimada? Tushunarli bo‘lishi uchun oldingi holat bilan solishtiraman: 3 yillik kollejlarda ma'lum darajada kasb-hunar o‘rgatilardi. Amaliyot va nazariya qaysidir ma'noda uyg‘unlashtirilgan, lekin qator kamchiliklar ko‘zga tashlangan. Bir misol: ish beruvchining qanday kadrga ehtiyoji borligi o‘rganilmagan. Natijada, ba'zi sohalarda kadrlar juda kam, ayrimlarida me'yordan oshib ketgan. O‘rtada muvozanat buzilgan. Shu sababli yangicha tizimga o‘tishda ish beruvchi va o‘quv muassasasini o‘zaro bog‘lab qo‘yish maqsad qilindi. Kadrlar tayyorlashda mehnat bozori talablariga rioya qilinadi. Natijada, kollejning har bir bitiruvchisi muayyan ish joyiga ega bo‘ladi.
«Kollej o‘qituvchilari ishsiz qolib ketmaydi»
Kasb-hunar kollejlarida qabulning bir yilga to‘xtatilgani yo‘qotishlarni ham keltirib chiqardi. Tabiiyki, o‘qituvchilarning dars soatlari qisqardi. Bu holat ularning ish o‘rinlaridan ajralib qolish xavotirini uyg‘otgani rost. Ammo xohlaymizmi-yo‘qmi bu davrdan o‘tishimiz kerak edi. Eskicha ishlay olmasdik. Professional ta'lim tizimiga o‘tganimizdan keyin o‘qituvchilar malakasi ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Avvaliga, yangicha tizimni birdaniga joriy etmoqchi bo‘ldik. Lekin baribir avvalgi holatdan chiqib ketolmasligimizni angladik. Yuqorida aytilganidek, hal qilinadigan masalalar bo‘lgani uchun bir yil davomida tayyorgarlik ko‘rish ma'qul ko‘rildi. Bunda o‘qituvchilarning malakasi eng muhim omil bo‘lib xizmat qilishi kerak. Ularga milliy malaka tizimi, professional standart nima ekanligi bo‘yicha o‘qitish olib boryapmiz. UNESCO tomonidan ishlab chiqilgan xalqaro o‘quv talablari ham o‘rgatilyapti. Ko‘rinib turganidek, keng qamrovli jarayonni bosib o‘tishimiz zarurligi tufayli bizga bir yil vaqt talab qilinyapti.Talab va maqsad bitta: endi kollejda o‘qigan yoshlar aniq ish o‘rniga, o‘z kasbi bo‘yicha zarur bilimga, ko‘nikmaga ega bo‘lishi shart. Avval ish o‘rni aniq bo‘ladi, ish beruvchi o‘zining malaka talablarini, shu kasbning ilmini, o‘qitish texnologiyasini beradi, shundan keyingina mutaxassis tayyorlanadi.