Xorijiy OTMdan o‘qishni ko‘chirish va ko‘chirib qayta tiklash uchun test sinovlarni o‘tkazish grafigi tasdiqlandi


Xorijiy oliy ta'lim muassasalaridan o‘qishni ko‘chirish va ko‘chirib qayta tiklash uchun masofaviy onlayn test sinovlarni o‘tkazish grafigi tasdiqlandi. Bu haqida Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi xabar bermoqda.

Test topshiruvchilardan o‘zlari bilan pasport olib kelishlari so‘ralgan. Nomzodlar grafikda ko‘rsatilgan manzilga, belgilangan vaqtda kelishlari kerak.

O‘qish ko‘chirilishi so‘ralgan OTM nomi, ta'lim yo‘nalishi to‘g‘ri kiritilganligini tekshirish talab etiladi. Agar xatolik qayd etilgan bo‘lsa, +99897-145-01-52 telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilish so‘ralgan.

2019/2020 o‘quv yilida xorijiy oliy ta'lim muassasalaridan o‘qishni ko‘chirish va ko‘chirib qayta tiklash uchun masofaviy onlayn test sinovlari belgilangan quyidagi hududlardagi oliy ta'lim muassasalarida o‘tkaziladi:  

Toshkent shahri va Toshkent viloyati bo‘yicha:

- O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti (O‘zDJTU);

- Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (TDIU);

- Toshkent moliya instituti (TMI).

Andijon, Farg‘ona, Namangan viloyatlari bo‘yicha:

- Namangan davlat universiteti (NamDU);

- Namangan muhandislik texnologiya instituti (NamMTI).

Sirdaryo, Samarqand, Jizzax viloyatlari bo‘yicha:

- Jizzax politexnika instituti (JizPI).

Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha:

 - Qoraqalpoq davlat universiteti (QQDU).

Qashqadaryo viloyati bo‘yicha:

- Qarshi davlat universiteti (QarDU).

Surxondaryo viloyati bo‘yicha:

- Termiz davlat universiteti (TerDU).

Buxoro, Navoiy viloyatlari bo‘yicha:

- Navoiy davlat konchilik instituti (NavDKI).

Xorazm viloyati bo‘yicha:

- Urganch davlat universiteti (UrDU).

Test topshiruvchilar test sinovlarini o‘tkazish grafigiga qat'iy amal qilgan holda belgilangan muddatda belgilangan joyga pasport (asl nusxasi) bilan kelishlari talab etiladi.