Xorijda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish tartibi takomillashtiriladi


Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiya qilish tartibini takomillashtirish haqida"gi qarori loyihasi joylashtirildi, deb yozadi Kun.uz.

Hujjat bilan xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanishi mumkin.

Belgilanishicha, 2019 yil 1 martdan boshlab:

xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiya qilish to‘g‘risidagi arizalar faqat davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinadi;

xorijiy davlatlarning umumiy o‘rta va o‘rta ta'lim muassasalarida ta'lim olgan shaxslarning ma'lumot to‘g‘risidagi hujjatlarini tan olish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, viloyatlar xalq ta'limi boshqarmalari va Toshkent shahar xalq ta'limi bosh boshqarmasida tashkil etiladigan komissiyalar tomonidan amalga oshiriladi;

xorijiy davlatlarning o‘rta maxsus, kasb-hunar, oliy ta'lim, kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash ta'lim muassasalarida ta'lim olgan shaxslarning ma'lumot to‘g‘risidagi hujjatlarini tan olish va nostrifikatsiya qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi bilan birgalikda:

xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiya qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan elektron ko‘rinishdagi hujjatlarning namunaviy shakllarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;

davlat xizmatlari markazlarining xodimlari uchun xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiya qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning mazmun-mohiyati va ahamiyatini tushuntirishga qaratilgan o‘quv-amaliy seminarlar o‘tkazilishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi hududiy bo‘linmalarining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga ulanishini tashkil etadi.

Xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiya qilish tartibi haqidagi nizomga ko‘ra, xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiya qilish O‘zbekiston Respublikasidagi vakolatli davlat organlariga xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarini tan olish va nostrifikatsiya qilish to‘g‘risida murojaat etgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy fuqarolar va fuqaroligi mavjud bo‘lmagan shaxslarning, talabgorlar voyaga yetmagan bo‘lsa ularning ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning arizalariga muvofiq amalga oshiriladi.

Xorijiy davlatlarda umumiy o‘rta va o‘rta ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish talabgorlarning murojaatiga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, viloyatlar xalq ta'limi boshqarmalari va Toshkent shahar xalq ta'limi bosh boshqarmasida tashkil etiladigan komissiyalar tomonidan amalga oshiriladi.

Xorijiy davlatlarda umumiy o‘rta va o‘rta ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlar mos ravishda O‘zbekiston Respublikasining umumiy o‘rta va o‘rta ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlariga tenglashtirilgan holda tan olinadi.

Komissiyalarning tarkibi va ish tartibi hududiy boshqarmalar rahbarlarining buyrug‘iga ko‘ra belgilanadi. Komissiyalarning qarorlari bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Komissiyalarning qarorlariga ko‘ra hududiy boshqarmalar rahbarlari tomonidan xorijiy davlatlarning umumiy o‘rta va o‘rta ta'lim to‘g‘risidagi hujjatlarini tan olish to‘g‘risida buyruq chiqariladi.

Talabgorlarga umumiy o‘rta va o‘rta ta'lim to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish to‘g‘risidagi buyruq asosida hududiy boshqarmalar tomonidan muvofiq shaklda ma'lumotnoma beriladi. Ma'lumotnoma xorijiy davlatlarda umumiy o‘rta va o‘rta ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjat bilan birgalikda taqdim etilganda O‘zbekiston Respublikasi hududida qonuniy kuchga ega bo‘ladi.

Xorijiy davlatlarning umumiy o‘rta va o‘rta ma'lumot to‘g‘risidagi hujjatlarini tan olish tegishli hududdagi komissiyalar tomonidan ariza va ma'lumot to‘g‘risidagi hujjatning asl nusxasi, uning notarial tasdiqlangan davlat tilidagi tarjimasi asosida murojaat qilingan kundan boshlab besh ish kunida amalga oshiriladi.

Xorijiy davlatlarning umumiy o‘rta va o‘rta ta'lim muassasalarida ta'lim olganlik to‘g‘risida hujjat bergan ta'lim muassasasi, mahalliy va xorijiy tashkilotlardan aniqlashtiruvchi hujjatlarni olish talab etilgan hollarda xorijiy davlatlarning umumiy o‘rta va o‘rta ma'lumot to‘g‘risidagi hujjatlarini tan olish muddati aniqlashtiruvchi hujjatlar olingan kundan boshlab hisoblanadi.

Komissiyalar butun o‘quv yili davomida faoliyat ko‘rsatadi va o‘z faoliyati haqida Davlat inspeksiyasiga hisobot beradi.

Komissiyalar tomonidan xorijiy davlatlarda umumiy o‘rta va o‘rta ma'lumot olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish ta'lim standartlari va o‘quv dasturlarining muvofiqligi asosida amalga oshiriladi.

Xorijiy davlatlarda umumiy o‘rta va o‘rta ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatni bergan xorijiy davlatlarning umumiy o‘rta va o‘rta ta'lim muassasalari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni olishda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi hududiy boshqarmalarga ko‘maklashadi.

Xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatning qalbaki ekanligi aniqlangan taqdirda, komissiyalar tomonidan xorijiy davlatlarda umumiy o‘rta va o‘rta ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatni tan olish rad etiladi.