Latviyada o‘qish o‘zbekistonliklar uchun qanchaga tushadi?


Latviya poytaxtida anchagina o‘zbeklar yashaydi. Aksariyat hollarda ular bu yerga tahsil olish uchun kelishadi, chunki bu davlat Yevroittifoq tarkibida bo‘lib, Latviya o‘quv yurtlari diplomlari butun dunyoda tan olinadi, deb yozmoqda O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi axborot xizmati.

I.Kerakli hujjatlar ro‘yxati:

1. Notarial Diplom tarjimasi (ingliz tilida) + elektron varianti;

2. Pasport (asli va nusxasi) + elektron varianti;

3. 3x4 rasm 4 dona;

Ro‘yxatdan o‘tish narxi 300 yevro. Hujjatlarni topshirgandan so‘ng Diplom haqiqiyligi tekshiriladi (30- 60 kun).

II.Keyingi qadam:

1. Notarial tarjimali sudlanmaganlik to‘g‘risidagi ma’lumotnoma (ingliz tilida);

2. Bankdan ma’lumotnoma (hisobda 6700 dollar borligi to‘g‘risida)(ingliz tilida);

3. Elchixonadan ro‘yxatdan o‘tish va suhbatdan o‘tish;

4. Viza olish.

Shahboz Jo‘rayev, Riga Texnika universiteti talabasi:

- Men Latviyaga «Study point​» konsalting markazi orqali kelganman. Bundan tashqari turli konsalting firmalarga ham murojaat qilishingiz mumkin. Men o‘zim Skype​ orqali imtihon topshirganman. Imtihonda siz berilgan savollarga ingliz tilida javob berishingiz kerak. Shundan so‘ng sizning nutqingiz yozib olinadi va video qabul komissiyasiga yuboriladi. Siz shuningdek, test variantidan foydalanishingiz ham mumkin.

Latviyaga kelish uchun men umumiy 4000- 5000 dollar sarf- xarajat qilganman. Bir yillik kontrakt narxi o‘rtacha 2100 yevro. Men tahsil olayotgan universitetda o‘qish muddati 3 yilni tashkil etadi. Turar joy narxlari minimum 75 yevrodan boshlanadi. Lekin universitet yotoqxonasi sal qimmatroq. Transportlar uchun maxsus kartalar mavjud, 16 yevro to‘laysiz va undan bir oy mobaynida foydalanasiz.

Mening yo‘nalishim iqtisodiyot bo‘lgani uchun, o‘qishni tugatganimdan keyin magistraturani ham iloji boricha Latviyada yoki birorta Yevropa mamlakatida davom ettirishni rejalashtiryapman.

Abituriyentlar uchun yana bir ma’lumot: bizda 1-bosqich bitiruvchilari uchun maxsus ta’lim dasturi bor, agar talaba yil davomida o‘z faolligini namoyon qilib, belgilangan imtihonlarda a’lo natija ko‘rsatsa u Yevropa mamlakatlarida 6 oy malaka oshirib kelish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Buning uchun talabadan hech qanday xarajat talab qilinmaydi aksincha talaba qoshimcha mablag‘ bilan ta’minlanadi.

G‘ulomjonov Davlatbek, ISMA universiteti talabasi:

- Latviyaga kelish uchun umumiy 4000 dollar atrofida mablag‘ ketadi. Shuning ichida talaba Latviyaga o‘zi bilan 500- 600 dollar olib kelishi kerak. Yillik kontrakt miqdori ta’lim muassasasiga qarab, o‘rtacha 2.200- 3000 yevrogacha. Yillik sug‘urta uchun to‘lov 35 yevro. Turarjoy narxi 150-200 yevroni tashkil etadi. Ovqatlanish uchun esa oyiga o‘rtacha 200- 300 yevro sarflaysiz.

Nazarov Shahboz, ISMA universiteti talabasi:

- Latviyada bir yillik tibbiy sug‘urta narxi minimum 15 yevrodan boshlanadi. Turarjoy ijarasi uchun esa o‘rtacha 120 yevro to‘layman. Mamlakat hududida avtobus, trolleybus va poyezdlar bir xil E-talon oladi (soatiga 30 sent). Qonun bo‘yicha talabalar haftasiga 20 soat ishlashi mumkin. Maosh esa soatiga o‘rtacha 3.50 yevro.

Men hozirda ISMA universitetining «information systems​» (axborot tizimlari) sohasi bo‘yicha tahsil olaman. O‘qishni tamomlab magistraturani Shvetsiyada o‘tamoqchiman. Latviyada o‘qishni mo‘ljallayotgan talabalarga maslahatim, agar ingliz va rus tillarini yaxshi o‘rganishsa, o‘qish davomida va ish topishda hech qanday qiyinchiliklarga duch kelishmaydi.

Bobur Karimov, Riga texnika universiteti talabasi:

- Latviya men uchun komfort zona bo‘lib ulgurgan, o‘qishim, ishim, do‘stlarim,bir so‘z bilan aytganda, hammasi o‘zim xohlagandek. Bu yerga kelish uchun hujjatlarni rasmiylashtirishda maxsus agentliklar ham yordam bergan. Latviyada bakalavrda o‘qish muddati 3 yoki 4 yildan iborat bo‘lib, 4 yillik ta’lim diplomi O‘zbekistonga ham bemalol o‘tadi. Men o‘qishni tugatgandan so‘ng Yevropa mamlakatlarida karera qilishni oldimga maqsad qilib qo‘yganman.

Eslatma! Joriy yildan boshlab, Latviyada o‘qishni mo‘ljallagan abituriyentlardan IELTS til bilish darajasidan 5.5 ballik sertifikat so‘ralmoqda.