O‘zbekistonda xorijiy OTM tomonidan berilgan masofadan o‘qitilgan va 3 yillik sirtqi ta'lim diplomlari tan olinmaydi


Bugungi kunga kelib O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan aksariyat oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlari natijalari e'lon qilindi va joriy yilda o‘qishga kira olgan yoshlar ma'lum bo‘ldi. 

Shu bilan birga qo‘shni Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Rossiya va boshqa MDH davlatlaridagi bir qator oliy ta'lim muassasalari tomonidan masofadan turib (distans) yoki sirtqi ta'lim turlari bo‘yicha to‘lov-shartnoma asosida imtihon bilan yoki sinovlarsiz o‘qishga taklif qilib, targ‘ibot-tashviqot ishlari amalga oshirilmoqda. 

Mazkur muassasalarda o‘qishga qiziqish bildirgan abituriyentlar va ularning ota-onalari ushbu ta'lim muassasalarining diplomlari O‘zbekistonda tan olinishi bo‘yicha savollar bilan murojaat qilishmoqda. 

Yuqoridagilarni inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi quyidagilarni ma'lum qiladi: 

Ayni paytda O‘zbekistonda oliy ta'lim, kunduzgi, kechki va sirtqi shaklda olib boriladi. Amaldagi qonunchilikda oliy ta'lim olish uchun masofaviy ta'lim shakli nazarda tutilmagan. 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 24 iyuldagi 620-sonli qarori bilan bilan tasdiqlangan Xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish tartibi haqida Nizomning 5-bob 36-bandida Xorijiy ta'lim to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish rad etiladigan holatlar ko‘rsatib o‘tilgan. Xususan, mazkur bandda ma'lumot O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilmagan ta'lim shaklida olingan bo‘lsa rad etishga asos bo‘lishi belgilangan. 

Yuqoridagilarga asosan xorijiy OTMlarda masofadan turib o‘qigani uchun berilgan diplomlar O‘zbekistonda tan olinmaydi. 

Bundan tashqari, bir qator xorijiy oliy ta'lim muassasalari tomonidan bakalavriat uchun uch yil yoki undan kam muddatga sirtqi ta'lim shakli bo‘yicha o‘qishga taklif etilmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 21 noyabrdagi 930-sonli qarori bilan yurtimizda sirtqi ta'limda o‘qish muddati 5 yil etib belgilangan bo‘lib, hukumatning 2019 yil 24 iyuldagi 620-sonli qarori bilan tasdiqlangan Xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish tartibi haqida Nizomning 5-bob 36-bandida xorijiy davlatlarda kasbiy ma'lumot to‘g‘risida hujjat beradigan ta'limning umumiy me'yoriy davri (to‘liq umumiy o‘rta yoki o‘rta ma'lumot olingandan keyin) O‘zbekiston Respublikasi ta'lim standartlarida nazarda tutilgan davrdan ikki yildan kam bo‘lsa hujjatlarni tan olish rad etilishi belgilangan.

Shunday qilib, xorijiy OTMlarning bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha sirtqi ta'lim shaklida 3 yil yoki undan kam muddatda o‘qib olingan diplomlari O‘zbekistonda tan olinmaydi. 

Quyidagi holatlarda xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlar maxsus sinovlarsiz tan olinadi: 

1. O‘zbekiston hududida filiallari mavjud OTMlarni tugatganlar; 

2. Dunyo universitetlari reytingida TOP-1000talikka kirgan OTMlarni tugatganlar; 

3. Mutaxassislarni maqsadli tayyorlash uchun xorijiy davlatlar tomonidan ajratilgan kvotalar hisobidan xorijiy OTMlarni tugatganlar; 

4. 1992 yil 1 yanvargacha xorijiy OTMlarga o‘qishga kirganlar; 

5. Yevropa sifat kafolati assotsiatsiyasi (ENQA) tomonidan akkreditatsiyalangan OTMlarni tugatganlar; 

6. AQSh, Avstraliya, Isroil, Kanada, Singapur, Janubiy Koreya, Yaponiya davlatlarining vakolatli organlari tomonidan akkreditatsiyalangan OTMlarni tugatganlar; 

7. Mutaxassislarni maqsadli tayyorlash uchun O‘zbekiston Respublikasi vazirlik va idoralari tomonidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan xorijiy OTMlarni tugatganlar; 

8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlar bo‘yicha xorijiy OTMlarga maqsadli o‘qishga yuborilganlar.