O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat test markazi faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risidagi qarori e`lon qilindi.
Qarorda so‘nggi yillarda oliy ta`lim muassasalariga kirish test sinovlarini topshiruvchi abituriyentlar sonining oshib borishi yiliga o‘rtacha 10 foizni tashkil etayotgani, 2016 yilda 663 ming, 2017 yilda 729 mingdan oshiq abituriyentlar oliy ta`lim muassasalariga hujjat topshirgani, 2018 yilda bu raqam 810 mingdan ortiq bo‘lishi kutilayotgani qayd etilgan.
Abituriyentlar soni keskin oshishi tegishli ravishda test sinovlari jarayoniga davlat boshqaruvi organlari bilan kelishilgan holda jalb etilayotgan nazoratchilar soni va test materiallarini sifatli tayyorlash bilan bog‘liq ishlar hajmini oshirish zaruratini tug‘dirmoqda.
Test sinovlari jarayoniga jalb etilayotgan ishtirokchilar soni va test materiallarini sifatli tayyorlash bilan bog‘liq ish hajmining ortib borishi tanlangan bino va auditoriyalarning jihozlanishi belgilangan talablarga javob bermasligiga, binolar oliy ta`lim muassasalarida tashkil etilgan bosh shtabdan uzoq masofada va tarqoq joylashishiga olib keldi. Buning natijasida test sinovlarini nazorat qilish sifatining keskin tushib ketishi, amaldagi tartibda test sinovlarini o‘tkazishda qator muammolar yuzaga kelishi kuzatildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Respublika oliy ta`lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida" 2017 yil 16 noyabrdagi PQ-3389-son qarori bilan 2018-19 o‘quv yilidan boshlab kirish test sinovlarining ochiqligi va shaffofligini ta`minlash, ularni katta sig‘imdagi binolarda videokuzatuvlar orqali keng jamoatchilikka onlayn rejimda kuzatib borish imkoniyatini yaratgan holda o‘tkazish, test sinovlari natijalarini test o‘tkazilgan kunning ertasiga rasmiy saytda e`lon qilish belgilangan.
Test sinovlari bilan bog‘liq bo‘lgan ishlarni sifatli, o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining vazifalari va funksiyalarini, shuningdek, uning hududlardagi bo‘limlarini tashkil etishni taqozo etmoqda.
Davlat test markazining faoliyatini yanada takomillashtirish va unga yuklangan vazifalarning ijrosini yuqori darajada ta`minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, Davlat test markazi ta`lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda test sinovi orqali tanlab olishga oid davlat siyosatini amalga oshiruvchi yagona vakolatli davlat boshqaruvi organi deb hisoblanadi.
Quyidagilar Davlat test markazining asosiy vazifalari etib belgilanadi:
- test sinovlarini tashkil etish, o‘tkazish, natijalarini tahlil etish va e`lon qilish;
- test texnologiyalarini rivojlantirish, pedagogik o‘lchov vositalarini takomillashtirish;
- chet tillarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimini rivojlantirish.
Davlat test markazining markaziy apparati tuzilmasida Test sinovlarini tashkil etish va muvofiqlashtirish bosh boshqarmasi, Test sinovlarining kompyuter tahlili va axborotlashtirish boshqarmasi hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyatlardagi bo‘limlari tashkil etiladi.
Davlat test markazi direktoriga zarur hollarda tuzilmaga xodimlarning belgilangan umumiy cheklangan soni doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyeti mablag‘lari, byudjyetdan tashqari mablag‘lar, oliy ta`lim muassasalarining oshirilgan to‘lov-kontrakt tushumlari (5 foizgacha miqdorda) va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar Davlat test markazi faoliyatini moliyalashtirishning asosiy manbalari etib belgilangan.
Moliya vazirligi DTMga 4ta, shu jumladan, 2ta biriktirilgan, 1ta navbatchi va 1ta maxsus avtotransport vositasini saqlash uchun limit ajratadi.
DTM Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Bog‘ishamol ko‘chasi, 12-uy manzilida joylashadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bir oy muddatda DTM bo‘limlari uchun hudud markazlarida joylashgan, kommunikatsiya tizimlariga ega bo‘lgan binolardan 3tadan alohida xona ajratadi hamda ularni zarur moddiy-texnik vositalar bilan to‘liq jihozlaydi.
Manba: kun.uz