“O‘zbekiston Oliy ta’lim muassasalarining milliy reytingi metodologiyasi ko‘rsatkichlari xalqaro talablar asosida shakllantirilgan bo‘lib, mazkur yondashuv respublika OTMlarining butun dunyo ilmiy-fan fazosi bilan integratsiyalashuvida muhim ahamiyat kasb etadi" Yegor Yablokov, Times Higher Education xalqaro agentligining Rossiya va MDH davlatlari bo‘yicha direktori.
Ma’lumki, 2018 yilning 1 avgustida Ta’lim sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi tomonidan ilk bor Respublika Oliy ta’lim muassasalarining milliy reytingi rasman e’lon qilingan edi. Unda OTMlar faoliyatining deyarli barcha yo‘nalishlari bo‘yicha ko‘rsatkichlar inobatga olingan. Xususan mazkur reyting tizimida asosiy urg‘u universitetlarning ilmiy salohiyati, akademik reputatsiya natijalariga qaratilgan, deb yozadi O‘zA.
Mazkur metodologiyani ishlab chiqishda inspeksiya jamoasi tomonidan jahonning eng nufuzli reyting agentliklari tajribalari har tomonlama chuqur tahlil qilingan edi. Shuningdek, joriy etilgan reyting metodologiyasi bo‘yicha Elsevier nashriyot uyining regional direktori Aliya Ospanovaning O‘zbekistonda OTMlarining ilmiy tadqiqot yo‘nalishdagi ko‘rsatkichlarini oshirishi bo‘yicha bir qancha uchrashuvlar, QS xalqaro reyting agentligining Rossiya va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Zoya Zaitseva ishtirokidagi seminarlar tashkil etilganligi shular jumlasidan.
Bu kabi samarali ishlarning izchil davomi sifatida 2019 yil 15 fevral kuni Davlat inspeksiyasida THE agentligining Rossiya va MDH davlatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Yegor Yablokov bilan navbatdagi rasmiy uchrashuv tashkil qilindi.
Uchrashuvdan asosiy maqsad, Milliy reyting tizimida qo‘llanilgan metodologiya va indikatorlar mintaqaviy direktor tomonidan tahlil qilib chiqilganligi va tahlil natijalari ijobiy, deb topilib, THE tomonidan rasman tan olinganligidir.
Shuningdek uchrashuvda THE vakili O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarni va ayniqsa ta’lim tizimiga hukumat tomonidan alohida e’tibor qaratilayotganligini alohida e’tirof etgan xolda, bugungi kunda O‘zbekiston MDH davlatlari orasida rivojlanishga intilayotgan eng ilg‘or mamlakatlardan biri ekanligini ta’kidladi. Uchrashuv ochiq muloqot tarzida o‘zaro fikr almashinuvlar asosida kechdi. Unda Davlat inspeksiyasi bilan agentlik o‘rtasida kelgusida amalga oshiriladigan ko‘plab hamkorlik yo‘nalishlari haqida kelishib olindi. Jumladan, O‘zbekiston milliy reyting tizimi metodologiyasini THE bilan hamkorlikda takomillashtirish, zarur taklif va tavsiyalar berish, THE agentligi tomonidan har yili o‘tkaziladigan sammit a’zoligiga Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi vakillarining ishtirokini ta’minlash, Milliy OTMlarini global reyting tizimlaridan o‘rin olishiga ko‘maklashuvchi amaliy choralar ishlab chiqish va boshqa ko‘plab hamkorlikda amalga oshiriladigan vazifalar belgilab olindi.
Times Higher Education xalqaro reyting agentligi 2004 yildan boshlab dunyo universitetlari reytingi bilan shug‘ullanib kelmoqda. Hozirda reytingda jami 1258 ta universitet ishtirok etgan bo‘lib, unda Rossiya Federatsiyasidan 35 ta, qo‘shni Qozog‘iston Respublikasidan jami 2 ta OTM o‘rin egallagan. Shuningdek, ushbu nufuzli tashkilot dunyo universitetlarining reytingini tuzishdan tashqari har yili ta’lim sohasida boshqaruv faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro sammitlar, OTMlar faoliyatini yaxshilash bo‘yicha metodikalar ishlab chiqish bo‘yicha ham yetakchilik qilib kelmoqda.