O‘zbekiston Milliy universiteti Istanbul universiteti bilan hamkorlik qiladi


Joriy yilning 25 aprel kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida «Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy munosabatlarning rivojlanishi» mavzusidagi xalqaro ilmiy-anjuman bo‘lib o‘tdi, deb yozadi Xabar.uz.

O‘zMU xalqaro bo‘limi va iqtisodiyot fakulteti «Iqtisodiyot nazariyasi» kafedrasi tashabbusi bilan tashkil etilgan anjumanda ikki mamlakat o‘rtasidagi ta’lim, iqtisodiyot va moliya sohalaridagi hamkorlik, tarixiy aloqalar hamda diniy munosabatlar muhokama qilindi. Turkiya va o‘zbekistonlik o‘qituvchilar o‘rtasida tajriba almashish, grant loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.

Kelishuv doirasida o‘zbekistonlik o‘qituvchilar Turkiyaning Istanbul Sabahattin Zaim universitetida o‘z malakalarini oshirib qaytishlari mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, O‘zMU professor-o‘qituvchilari uchun Istanbul Sabahattin Zaim universiteti tomonidan yozgi maktab tashkil etilib, master-klasslar o‘tilishi rejalashtirilgan.