Shu kunlarda yangi ochilgan O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya universiteti vakillari ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish masalasi bo‘yicha Osiyo va Yevropa mamlakatlari faoliyatini o‘rgana boshladilar. Xususan ular Sankt-Peterburg universiteti qoshidagi Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar instituti hamda M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti jurnalistika fakulteti faoliyatini o‘rgandilar.
O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya universiteti rektori Sh. Qudratxo‘jayev va MDU jurnalistika fakulteti dekani Ye.Vartanova o‘zaro hamkorlik haqida memorandumni imzoladilar. Yaqin kunlarda boshqa davlatlar, jumladan Koreya Respublikasi, Turkiya va Germaniya tajribasini o‘rganish va ular bilan ham memorandumlar tuzish ko‘zda tutilmoqda. Bu haqda qo‘shimcha xabar beriladi.
Yelena Vartanova, M.V.Lomonosov nomli Moskva Davlat universiteti jurnalistika fakulteti dekani hamkorlikni quyidagicha izohladi: «O‘zbekiston oliy ta’lim va jurnalistika sohalarini ta’lim va ma’naviy muhitdagi juda muhim qadam – Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tashkil etilishi bilan muborakbod etaman.
Bu tashabbus ta’lim rivojlanishidagi zamonaviy trendlarni o‘zida aks etadi, chunki jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar jamiyat, davlat va biznes faoliyatining o‘ta muhim yo‘nalishiga aylanmoqda.
O‘ylaymanki, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini ochish – ajoyib g‘oya. Zero, bugungi kunda media sohasi texnologiya, madaniyat, tillar, professional va axloqiy standartlarni o‘zida mujassam etgan haqiqiy global hodisa bo‘lib shakllanmoqda.
Bo‘lajak talabalar va u yerda ishlaydigan o‘qituvchilarni chin dildan tabriklayman. O‘ylaymanki, kelajakda ushbu universitet biz uchun ishonchli do‘st va hamkor bo‘ladi. Bugun biz M.V. Lomonosov nomli Moskva Davlat universitetining Rossiyadagi eng katta jurnalistika fakulteti hamda Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzoladik.
Ishonaman, biz raqamli media sohasiga bizning an’anaviy do‘stlarimiz, hamkorlarimiz bilan birga kiramiz. Yangi universitetga muvaffaqiyatlar tilayman va bizning ilmiy, texnologik, pedagogik, ta’lim sohalaridagi do‘stona hamkorligimiz ikki tarixiy do‘st mamlakatlar – Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishga xizmat qiladi».
O‘quv-metologik ishlar bo‘yicha dekan o‘rinbosari Mariya Lukina: «Umuman olganda, bir nechta jurnalistika fakultetlarining bir yagona universitetga birlashishi – bu noyob hodisa. Rossiyada bunaqasi bo‘lmagan. Rossiyada 150 ta jurnalistika fakultetlari bor, O‘zbekistonda esa 3-4 ta fakultet bir universitetga birlashdi va bu juda qiziqarli tajriba.
Yangi universitet rivojlanishi, qaysi yo‘nalishda harakatlanishini biz katta qiziqish bilan kuzatamiz.
Hamkorlik va talabalar almashinuvi tajribasini yo‘lga qo‘yish, o‘quv dasturlarimizni rivojlantirish, adabiyotlar bilan almashish biz uchun qiziqarli bo‘ladi.
Biz sizlarga taraqqiyot, barcha o‘qituvchilarga mustahkam sog‘lik, yaxshi talabalar va universitetga doimiy iliq muhit tilaymiz».
Manba: xabar.uz