Ukrainadan qaytgan talabalarning o‘qishini soddalashtirilgan tartibda ko‘chirish boshlandi


Ukrainadan qaytib o‘qishini O‘zbekistonda davom ettirish istagida bo‘lgan talabalarning hujjatlari hududiy ishchi guruhlar tomonidan qabul qilinmoqda, deya ma’lum qildi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi. Vazirlikning ta’kidlashicha, Ukrainadan qaytgan talabalarning o‘qishini 15 martdan boshlab soddalashtirilgan tartibda ko‘chirish boshlangan.

Bu jarayonda talabalar yashash hududlarida tashkil etilgan ishchi guruhlarga murojaat qilib, batafsil ma’lumot olishlari so‘ralgan.

«Shu kunga qadar Oliy vao‘rta maxsus ta’lim hamda Tashqi ishlar vazirliklariga ushbu masalada murojaat qilgan fuqarolarning, xususan talabalarning xorijiy ta’lim muassasalari va yashash hududlari kesimida ro‘yxati shakllantirilib, hududlardagi ishchi guruhlarga yuborildi», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 24 fevral kuni O‘zbekistonning Kiyevdagi echixonasi (hozirgi paytda Lvovda — tahr.) Ukrainada ta’lim olayotgan o‘zbekistonlik talabalar o‘qishni masofaviy davom ettirishlari mumkinligi haqida xabar qilgan edi.

Keyinroq, 4 mart kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida prezident Ukrainadan evakuatsiya qilingan talabalar O‘zbekistondagi OTMlarda o‘qishini davom ettirishi uchun barcha sharoitlar yaratib berilishini ma’lum qildi.