Toshkentda Yevropaning oliy ta'lim muassasalaridan birining filiali ochilishi mumkin


Toshkent shahrida Strasburg universiteti filiali ochilishi mumkin, shuningdek, Toshkent va Strasburg boshqaruv ma'muriyati o‘rtasida hamkorlik aloqalari kengayishi kutilmoqda. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

19 fevral kuni Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Yevropa parlamenti a'zosi va Parij shahar okrugi meri Roshida Datini qabul qildi. Uchrashuvda o‘zaro hamkorlik, xususan Yevropa oliy ta'lim muassasalaridan birining filialini Toshkent shahrida tashkil etish masalalari muhokama etildi.

Shuningdek, uchrashuvda Parij biznes vakillarining Toshkentga tashrifini amalga oshirish rejasi ham ko‘rib chiqildi.

Toshkent shahar hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiya ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Davron Hidoyatov ma'lumotiga ko‘ra, fransiyalik mutaxassislar poytaxt infratuzilmasini yaxshilash, xususan ichimlik suvi ta'minoti masalasida hamkorlik qilishga tayyor.

Ma'lumot uchun, Strasburg universiteti jahon oliy ta'lim muassasalari reytingida 87-o‘rinda qayd etiladi. Universitet bitiruvchilarining 18 nafari Nobel mukofoti laureati hisoblanadi.