Toshkentda yangi universitet talabalarga o‘z eshiklarini ochdi (foto)


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-yanvardagi qaroriga muvofiq, Toshkent shahridagi Amiti universiteti joriy yilning sentabr oyidan talabalarga o‘z eshiklarini ochishi kerak edi. 24-sentabr kuni Toshkent shahridagi Amiti universitetining ochilish marosimi o‘tkazildi.


Ushbu xorijiy universitet O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Hindistonning Amiti universiteti hamkorligida tashkil etildi.


Ochilish marosimida o‘qishga qabul qilingan talabalar va ularning ota-onalari, jamoatchilik vakillari, shuningdek, Hindistonning Amiti universitetidan mehmonlar, O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi rahbariyati, soha korxona va tashkilotlari mutasaddilari ishtirok etishdi.


Tantanali marosimda ta’lim muassasasi prezidenti Atul Chauxan hamda AKT vaziri Shuhrat Sodiqov so‘zga chiqishib, mamlakatimizda AKT yo‘nalishida yana bir oliy ta’lim dargohi ochilishi, unga qabul qilingan ilk talabalarni yangi o‘quv yili bilan tabriklashdi. Universitet o‘qituvchilariga omad tilashdi.


— Sizlarning har biringizga havas qilaman, — dedi AKT vaziri Shuhrat Sodiqov talabalarga qarata. — Inson hayoti davomida bir marta kasb tanlaydi. Sizlar 30 yildan buyon eng talabgir bo‘lgan soha, ya’ni, axborot texnologiyalari, dasturlash bo‘yicha kasblarni tanlagansiz. Amiti universiteti tashkil etilganiga ko‘p bo‘lmasa-da, Osiyoning eng kuchli 300ta, dunyoning 1000ta yetakchi oliy ta’lim o‘quv muassasalari qatorida turadi. Oralaringizdan Vatanimizga ravnaqiga munosib hissa qo‘shadigan   rahbarlar, dasturlash bo‘yicha kuchli mutaxassislar chiqishiga ishonchim komil. Barchalaringizga omad yor bo‘lsin.


Oliy ta’lim muassasasi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, jumladan, kompyuter va dasturiy injiniring, sun’iy intellekt va menejment sohalarida mutaxassislar tayyorlaydi. Toshkentdagi Amiti universitetida mahalliy pedagog-mutaxassislar bilan birga hindistonlik 15 nafar professor-o‘qituvchilar talabalarga bilim berishadi.


Ma’lumot o‘rnida:

  • Amiti universiteti Hindistonda yetakchi xususiy oliy ta’lim muassasasi hisoblanib, unda 150 mingdan ziyod talaba tahsil oladi. Ta’lim muassasasining bosh korpusi Noida shahrida joylashgan bo‘lib, uning 11 ta shaharda kampuslari mavjud. Shuningdek, Nyu-York, London, Dubay, Singapur, Xitoy, JAR va jahonning boshqa shaharlarida filiallari faoliyat yuritadi.

Manba: xabar.uz