Toshkentda yana bir xalqaro universitet ochiladi


«Tashkent education» nodavlat ta’lim tashkiloti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.

Qarorga muvofiq, maktabgacha, umumiy o‘rta va oliy ta’lim sohasida ta’lim xizmatlari ko‘rsatish uchun Toshkent shahrida «Tashkent education» nodavlat ta’lim tashkiloti tashkil etildi.

Ta’lim tashkilotiga belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun quyidagilar ta’sis etildi:

  •  «Tashkent kindergarten» nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti;
  • «School of Tashkent» Xalqaro umumta’lim maktabi;
  • «Tashkent International University» xalqaro universiteti.

Ushbu ta’lim tashkilotlarida o‘qitish o‘zbek, rus va ingliz tillarida, O‘zbekiston davlat ta’lim standartlari talablarini inobatga olgan holda, to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Ta’lim faoliyati 2020/2021-o‘quv yilidan boshlanadi.

Mazkur ta’lim tashkilotlari faoliyati «Velocius Ltd» kompaniyasi (Buyuk Britaniya) mablag‘lari, o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar, xomiylik xayriyalari va  qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.