Toshkentda Vestminster xalqaro maktabi ochiladi


Toshkentda Vestminster xalqaro maktabini ochish rejalashtirilmoqda. Bu Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasida ko‘zda tutilgan.

Xalqaro maktabning asosiy vazifalari va yo‘nalishlari sifatida:

  • iqtidorli bolalarni aniqlash, tanlash va o‘qitish, ularning har tomonlama rivojlanishi uchun sharoit yaratish, o‘quvchilarning ilmiy, intellektual va ijodiy salohiyatini ochish;
  • gumanitar, tabiiy va aniq fanlar bo‘yicha chuqur ta’lim, o‘quvchilarning xorijiy tillar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini mukammal o‘zlashtirishi, ijodiy g‘oyalarini rivojlantirishi uchun shart-sharoitlar yaratish;
  • o‘quvchilarning kasbga yo‘naltirilishi, ularning yetakchilik va notiqlik mahoratini rivojlantirish, tanqidiy fikrlash, axborotni tahlil qilish va qayta ishlash, olingan bilimlarni amaliyotda qo‘llash ko‘nikmalarini shakllantirish va hokazolar belgilangan.

Ushbu xalqaro maktabdagi ta’lim, loyihaga muvofiq, ingliz tilida va pulli-shartnoma asosida tashkil etiladi. Xorijiy ta’lim muassasalari bilan birgalikda o‘quv rejalari va dasturlari ishlab chiqiladi.

Vestminster xalqaro maktabi bitiruvchilariga davlat namunasidagi ta’lim hujjati (sertifikat, attestat) bilan bir qatorda xalqaro darajadagi (International Baccalaureate, Advanced Placement yoki International Advanced Levels) diplom beriladi. Bu diplom bitiruvchilarga xorijiy oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirish imkonini beradi. Talabalarni maktabga qabul qilish 2019/2020-o‘quv yilidan boshlanadi.

Manba: xabar.uz