Oliy taʼlim sohasida zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalarga asoslangan nodavlat taʼlim xizmatlari ko‘rsatishni yana-da rivojlantirish, oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlashda davlat va nodavlat tashkilotlari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, yetakchi xalqaro taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlikni hamda taʼlim sohasiga xorijiy investitsiyalarni jalb etishni yana-da kengaytirish maqsadida Toshkent viloyatining Angren shahrida Kukmin (Janubiy Koreya Respublikasi) universitetini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Universitetda Taʼsischilar ulushi Kukmin Universiteti KBFBSI – 55%, G-global star group – 45%.
Toshkent viloyati, Angren shahri, 5/4 daha “Yoshlik" mahallasida joylashgan 1-son umumiy o‘rta taʼlim muassasasi (sobiq Angren turizm va mehmonxona xo‘jaligi kasb-hunar kolleji) bino va inshootlari tegishli hududi bilan birga uzoq muddatli maqsadli foydalanish huquqi bilan Universitetga beriladi.
Uzoq hududlardan kelgan va yotoqxonaga muhtoj talabalarni taʼminlash uchun Universitet hududida 400 o‘rinli talabalar turar joyini qurish va jihozlash ko‘zda tutilgan.
Universitetda o‘qitish ingliz, koreys, rus va o‘zbek tillarida, O‘zbekiston Respublikasi davlat taʼlim standartlari talablarini inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishilgan holda Kukmin Universiteti KBFBSI tomonidan tasdiqlanadigan o‘quv rejalari va dasturlariga muvofiq to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Universitetda kadrlar tayyorlash kunduzgi va kechki taʼlim shakllari bo‘yicha amalga oshiriladi.
Universitetda talabalar o‘qishi uchun to‘lov-kontrakt qiymati miqdorlari Taʼsischilar tomonidan belgilanadi.
Angren shahrida Kukmin universitetida 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab kadrlar tayyorlanadigan bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari ro‘yxati:
- Injeneriya
- Elektron injeneriya va informatika
- Axborot xavfsizligi
- Arxitektura
- Dizayn
- Biznes boshqaruvi
Izoh: Kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlardan kelib chiqqan holda Taʼsischilar qaroriga asosan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishgan holda mazkur ro‘yxatga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin.