Toshkent davlat transport universiteti talabalari dunyoning yana yetti mamlakatida amaliyot o‘tay oladi


Toshkent davlat transport universiteti talabalari dunyoning yana yetti mamlakatida amaliyot o‘tash imkoniyatiga ega bo‘ldi, deb xabar beradi universitet matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, 5-mart kuni O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik masalalari bo‘yicha bo‘lib o‘tgan Hukumatlararo qo‘shma komissiya yig‘ilishida Toshkent davlat transport universiteti va Belarusning “Amkodor" kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolangan.

Tomonlar universitet talabalari yozgi amaliyotini “Amkodor" tasarrufidagi jahonning 7 ta mamlakatida joylashgan 30 dan ortiq korxona va zavodlarda maosh olgan holda stajirovkani o‘tash masalasini muhokama qilgan.

Muzokaralar yakuniga ko‘ra, o‘quv-ishlab chiqarish amaliyotini xolding tasarrufidagi korxona va zavodlarda o‘tkazgan talabalar universitetni muvaffaqiyatli tugatganlaridan so‘ng ishga joylasha olishlari mumkinligi to‘g‘risida kelishuvga erishilgan.

Avvalroq Belarus bosh vaziri o‘rinbosari boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga kelishi va delegatsiya a’zolari mamlakatdagi universitet rektorlari bilan uchrashishi to‘g‘risida xabar berilgandi.