Toshkent agrar universitetida Germaniya universitetlari filiali ochilmoqda


Joriy yilning 21-28-iyun kunlari Toshkent davlat agrar universiteti rektori B.Sulaymonov boshchiligidagi delegatsiya Germaniya Federativ Respublikasiga tashrif buyurdi.

Tashrifdan ko‘zlangan maqsad — Germaniya Federativ Respublikasining agrar sohadagi oliy ta’lim muassalari bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash va ularning tajribasini Toshkent davlat agrar universiteti va uning filiallarida joriy etishdan iborat.

Delegatsiya 21-25 iyun kunlari Vaynshtefan Triyezdorf universitetida bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, Toshkent davlat agrar universiteti va uning filiallari Vaynshtefan Triyezdorf universiteti bilan 2005-yilda hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan. Ushbu hamkorlik doirasida hozirgi kunda ToshDAU va filiallarining 30 nafar bitiruvchi talabalari Vaynshtefan Triyezdorf universitetining «Agrar menedjment» xalqaro magistratura dasturi bo‘yicha tahsil olmoqda. 2005-2018-yillar davomida ToshDAU va filiallaridan 100 nafardan ziyod bakalavr talabalari Vaynshtefan Triyezdorf universitetining tajriba xo‘jaliklarida 6 oylik ishlab chiqarish amaliyotlarini o‘tashdi.

Delegatsiya tashrifi davomida universitetlarning o‘quv rejalari, talabalarning amaliyotini tashkil etish mexanizmi, o‘qituvchilarning o‘quv yuklamasi, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash tizimi to‘g‘risida ma’lumotlarga ega bo‘ldi.

Shuningdek, delegatsiya 24-iyun kuni Vaynshtefan Triyezdorf universitetining «Agrar menedjment» xalqaro magistratura dasturi doirasida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan ham uchrashdi. Uchrashuv davomida ularga hozirgi kunda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘zlab berdilar. Ularga xalqaro magistraturani yakunlaganlaridan so‘ng Toshkent davlat agrar universiteti va uning filiallarida mutaxassislik kafedralarida ish o‘rinlari kafolatlanganligini hamda bunday tajribali kadrlar O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun kerak ekanligini ta’kidlab o‘tishdi.

Tasdiqlangan reja asosida delegatsiya Leybnits universitetining IAMO institutiga 26-28-iyun kunlari tashrif buyurdi. Tashrif davomida delegatsiya IAMO instituti direktori Tomas Glauben bilan uchrashdi hamda ikki tomonlama ilmiy-akademik faoliyatni kengaytirish bo‘yicha kelishib olindi va anglashuv memorandumni imzoladi.

Tashrif davomida erishilgan Toshkent davlat agrar universiteti va uning filiallari talabalarining 6 oylik ishlab chiqarish amaliyotlarini Vaynshtefan Triyezdorf universitetida o‘tkazish, universitet va uning filiallari professor-o‘qituvchilarining malakasini oshirish, qayta tayyorlash va stajirovkasini Vaynshtefan Triyezdorf universitetida o‘tashini tashkil etish bo‘yicha kelishib olindi. Shuningdek, Toshkent davlat agrar universiteti va uning filiallari bitiruvchi talabalarini Vaynshtefan Triyezdorf universitetining xalqaro «Qishloq xo‘jaligi menejmenti» magistratura dasturiga o‘qishga yuborish rejalashtirildi.

Bundan tashqari, «Qishloq xo‘jaligi menejmenti» xalqaro magistratura dasturini Toshkent davlat agrar universiteti va uning filiallarida joriy etish, xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish va ikki tomonlama diplom berishni tashkil qilish bo‘yicha kelishildi, Toshkent davlat agrar universitetida IAMO institutining «Qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti» kafedrasi filiali 2018 yil oktyabr oyida ochilishi rejalashtirildi. Kafedrada 3 ta doktorant va 2 ta magistrant uchun Germaniyaning «Folksvagen» fondi tomonidan 3 yil davomida stipendiya ajratilishiga erishildi.

Shu bilan birga, tashrif davomida Vaynshtefan Triyezdorf universiteti hamkorlari, Kombodjiya qishloq xo‘jaligi universiteti, Sloveniyaning Noviy Pazar universiteti, Tojikiston Milliy qishloq xo‘jaligi universiteti, Azarbayjon davlat agrar universiteti, Ukrainaning Sumi davlat agrar universitetlari va IAMO universiteti bilan, jami 6 ta «Anglashuv memorandumlar» hamda Vaynshtefan-Triyezdorf universiteti bilan hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» imzolandi.

Manba: xabar.uz