Texnikumlarga qabul qachon va qanday tartibda tashkillashtiriladi?


–Texnikumlarga o‘qishga qabul qilishni tashkil etish qoida tariqasida har yili 10-mayga qadar qabul komissiyasi tashkil qilinadi.

–Texnikumlarga o‘qishga qabul qilishni tashkil qilish va ushbu jarayonlarni muvofiqlashtirish tegishli oliy ta’lim muassasasi rektori tomonidan amalga oshiriladi.

–Texnikumga qoida tariqasida, hujjatlarni qabul qilish boshlanishidan bir oy oldin texnikumga qabul qilish muddatlari, mutaxassislik va kasblar nomlari hamda qabul kvotalari haqidagi ma’lumotni qabul komissiyasining axborot stendlari va texnikumning veb-saytida e’lon qiladi.

–Abituriyentlarning texnikumga o‘qishga qabul qilish haqidagi arizalari qabul komissiyasi tomonidan 20-iyuldan 15-sentabrga qadar (shu kuni ham) qabul qilinadi.

–texnikumlarga o‘quv jarayoni 1-oktabrdan (1-sentabrga qadar shakllantirilgan guruhlarga o‘quv yili boshidan o‘qishini tashkil etish mumkin) tashkil etiladi.

–Abituriyent tomonidan topshirilgan hujjatlarning qalbakiligi yoki soxtaligi aniqlansa, abituriyent texnikumdan chetlashtiriladi hamda hujjatlari belgilangan tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlariga yuboriladi.

–Abituriyentlar texnikumga tasdiqlangan qabul ko‘rsatkichlari doirasida tushgan arizalar asosida teng shartlarda (yengillik va imtiyozlarsiz) qabul qilinadi.

–Texnikum direktori har yili 25-sentabrga qadar abituriyentlar hujjatlari asosida tasdiqlangan qabul ko‘rsatkichlariga muvofiq abituriyentlarni qabul qilish bo‘yicha buyruqlarni rasmiylashtiradi.

–Qabul kvotalari davlat grantlari hamda to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

–Qabul komissiyasining abituriyentlarni to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etish to‘g‘risida qarori qabul qilingandan keyin texnikum bilan yuridik yoki jismoniy shaxslar o‘rtasida belgilangan tartibda kontraktlar rasmiylashtiriladi. To‘lov-kontrakt asosida o‘qishning to‘lov miqdori qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.

–Texnikumda o‘qishga tavsiya etilgan abituriyentlar uchun to‘lov har yili kontrakt shartlarida ko‘rsatilgan muddatlarda amalga oshiriladi. Abituriyentlarni o‘qishga qabul qilish yuridik hamda jismoniy shaxslar tomonidan kontrakt to‘lovi miqdori o‘quv jarayoni grafigi asosida ta’lim jarayoni boshlangan kundan boshlab 15 kun mobaynida to‘langandan so‘ng texnikum direktorining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi.

–Ushbu abituriyentlarga o‘quv jarayoni grafigi asosida darslarga qatnashishiga ruxsat etish to‘g‘risida buyruq rasmiylashtiriladi.

–Davlat granti asosida texnikumda o‘qishga qabul qilingan abituriyentlar o‘quv jarayoni grafigi asosida birinchi kundan boshlab darslarga qatnashishlariga ruxsat beriladi.

–Texnikumga abituriyentlarning arizalari (davlat granti hamda to‘lov-kontrakt asosida) qabulning tasdiqlangan ko‘rsatkichlaridan ortiq tushgan taqdirda texnikum direktori har yili 16-sentabrga qadar tegishli oliy ta’lim muassasalariga hamda Kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalariga ma’lumotlar kiritadi. Tegishli oliy ta’lim muassasalari tomonidan umumlashtirilgan ma’lumotlar 3 ish kuni mobaynida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga kiritiladi.

–Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi har yili 20-sentabrga qadar tegishli oliy ta’lim muassasalari tomonidan kiritilgan ma’lumotlarni umumlashtirib, abituriyentlarni davlat granti va to‘lov-kontrakt bo‘yicha qabul qilish imkoniyati hamda smena koeffitsiyentini hisobga olib qo‘shimcha o‘rin ajratish yoki texnikumda abituriyentlar o‘rtasida tanlov o‘tkazish bo‘yicha Davlat komissiyasiga taklif kiritadi.